«Buxoroda 14 yoshli maktab o‘quvchisi ammasining o‘g‘lidan farzandli bo‘ldi», deb yozmoqda Daryo nashri.
Ta’kidlanishicha, Jondor tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Latofat Jo‘rayevaning so‘ziga ko‘ra, 2008 yilda tug‘ilgan Sh.M. Buxoro shahrida yashovchi ammavachchasi R.T. bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgan. Bir necha yil ilgari o‘rta maktabni tugatgan R.T. ishlash uchun Rossiyaga ham qatnab yurgan. Xabarda aytilishicha, u qizning yosh va soddaligidan foydalangan.
«Maktabning sobiq direktori O.Q. 7-sinf o‘quvchisi Sh.M.ning xatti-harakatidan shubhalangan. Shundan so‘ng qizning ota-onasi maktabga chaqirtirilgan va holat ochiqlangan. Oila esa ibratli, mahallada hurmat topgan xonadonlardan biri. Afsuski, hatto, ota-onasi ham qizining homiladorligidan bexabar bo‘lgan. To‘g‘risi, onaizorning holatini tasvirlab berish menga oson emas», — deydi Latofat Jo‘rayeva.
Maktab direktori F.T. homilador o‘quvchisining 13 dekabr kuni kechqurun Buxoro shahridagi Perinatal markazida farzandli bo‘lganini bildirgan.
Buxoro viloyati IIBning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Deyarli kun ora eshitamiz: kimdir xotinini o‘ldirib qo‘yibdi, voyaga yetmagan qizni zo‘rlamoqchi bo‘libdi…. Afsuslar bo‘lsinki, jamiyatimizda ayollar mavzusida haligacha dolzarb muammolar qatorida qolmoqda.