Yoshlar qayerga qaramay ketyapti?

Bugungi kunda odamlarning atrofi shu darajada gadjetlar bilan qurshab olinganki, ular nafaqat, dunyoda nimalar bo’layotganini, hatto, o’zlariga yon-atrofda qanday real xavf yaqinlashib kelayotganligini bilmaydi.

So’zimizning isboti sifatida Toshkent viloyatida naushnik taqib, temir yo’l bo’ylab harakatlangan fuqaro taqdiri haqida gapirib o’tmoqchimiz.

Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamentining xabar berishicha, 3-yanvar kuni Toshkent viloyati O’rta Chirchiq tumanidan o’tgan poyezd tumanning «Boyovul» MFYda yashovchi N.A ismli fuqaronining quloqchin taqib chorva mollarini boqib yurgan vaqtida urib ketgan, natijada esa fuqaro o’zining ehtiyotsizligi sabab vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 6 yanvar kuni ushbu mahallada baxtsiz hodisa muhokamasi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda fuqarolarga temir yo‘l atroflarida naushniklardan foydalanmaslik, yo‘lovchi va yuk poyezdlarining xavfsiz harakatlanishini taminlash maqsadida temir yo‘l izining belgilanmagan joylaridan kesib o‘tmaslik bo‘yicha tushunchalar berilgan.

Umuman olganda, texnika asrida texnika bizni mag’lub etgani bor gap. Biroq, ba’zi bir yoshlar uchun «zamonaviylik» belgisi sifatida ommalashib borayotgan illatlar ham salbiy holatlar tomon yetaklayotgani sir emas. Bundan avval, Tik-tok platformasiga video olish maqsadida qancha yosh balandliklardan yiqilgani, vafot etgani, jaraohatlangani, telefonda gaplashib ketishi natijasida mashina urib ketgani, «Totalizator» o’yini orqali o’z joniga qasd qilgani… Bir qarashda bu holatlar ertakday tuyilishi mumkin, lekin bu biz yashab turgan jamiyatimizda sodir bo’layotgan voqealardir.

Endi esa ko’rayotgan hodisalardan xulosa qilib ko’ramiz:
Yoshlar qayerga qarab ketyapti-yu, yoshlar qayerga qaramay ketyapti?

Laylo Esanmurodova