«Ommaviy madaniyat»ga qarshi kurashishdan oldin nimani oʻrganishimiz kerak?
Komila styuardessalikka ishga joylashganidan keyin dastlab uni Xitoyga borib keladigan samolyotga «belgilashdi». Shunaqa «ot bozori»da ishlab tursa, yaxshilab pishisa, ozroq vaqtdan soʻng «otvetstvenni» reyslarga oʻtkaziladigan boʻldi.
Ketishda asosan xitoylar va bitta-yarim ziyolinamo vatandoshlar uchgani uchun Komila bamaylixotir ishladi – yoʻlovchilarga yegulik, suv-puv ulashib bordi. Bort boshligʻi Roza opa yoʻl-yoʻriq koʻrsatib turdi. Umuman olganda, kutilmagan holatlarsiz yetib borishdi Pekinga.
Lekin qaytishda…
Qaytishda Komila oʻzbekistonlik savdogarlar bilan keldi. «Ot bozori» nima ekanini shunda bildi. Avvalo, yoʻlovchilarning birontasi bilet boʻyicha oʻz oʻrniga oʻtirmadi. Kamarlarni taqish haqidagi ixtiyoriy-majburiy buyruq-iltimosni ham hech kim pisand qilmadi.
Samolyot havoga koʻtarilib, yegulik va ichimliklar tarqatildi. Bu hali eng sokin vaziyat edi. Idish-tovoqlar yigʻishtirib olinganidan keyin salonni bir aylanib chiqqan Komila katta pista qutisini oldiga qoʻyib olib, butun salonni pista hidi bilan anqitib, chiqir-chiqir qilayotgan ikki ayolga koʻzi tushdi. U oʻzi pista chaqishni umuman yoqtirmas, bu – madaniyatsizlik belgisi, deb bilardi. Darhol Roza opaga arz-dod qildi.
– Eʼtibor berma, – dedi Roza opa pinagini buzmasdan. – Ular – Zahro bilan Magʻpirat. Ular oʻzi shunaqa: doim pista chaqib uchishadi.
– Axir, salon ifloslanib ketyapti, yer toʻla pista poʻchoq, hidiyam tarqalyapti. Odamlar eʼtiroz qilmaydimi? – dedi Komila ajablanib.
– Mayli, Toshkentda tozalab yuborishadi.
Komila nima deyarini bilmay, chiqindilarni saralashga tushib ketdi.
Yoʻl uzoq. Ishi tugaganidan keyin salonga yana koʻz tashladi. Bir odam uchta oʻrindiqning qoʻl-dastalarini yuqori koʻtarib qoʻyib, oʻziga xos «kalavot» yasab, uzala tushganicha uyquni urayotgan ekan.
– Roza opa, anu bittasi uchta sidenyani olvolib, oyogʻini yechib tashlab (poyabzalini demoqchi), yotvopti. Uxlayapti shekilli. Nima qilamiz?
– Hech narsa qilmaysan, asalim, – Roza opa zarracha hayratlanmadi. – U – Shokir. Uchtalik boʻsh qatorni topib, yotvoladi doim. Oʻtirsa, grijasi bezovta qilarkan. Shuning uchun yotib ketadi. Uxlayotgani yoʻq. Prosto koʻzini yumib yotibdi.
Sal vaqt oʻtgandan keyin Komila narigi salonda odamlar uymalashib turganiga koʻzi tushdi. Bir finjonga qahva quydi-da, yoʻlovchiga olib borayotgan kishi boʻlib, toʻdaga yaqinlashdi. U yerda qiy-chuv avjida edi. Xalqaro toifadagi ikki grossmeyster sharaqlatib narda oʻynar, atrofdagilar baland-baland ovozda dam unisiga, dam bunisiga «bolet» qilardi.
Komilaga samolyot hozir bir yonga qiyshayib ketadigandek tuyuldi. U Roza opasining yoniga chopdi.
– Roza opa, anavi yerda gde-do oʻn kishi bir burchakka tiqilib olib, narda oʻynayotgan ikki odamni tomosha qilyapti. Joyiga oʻtirishlarini soʻraymi?
– Qoʻysang-chi. Ular – Zoyir aka bilan Surat aka. Qachon qarasang, narda oʻynashgani oʻynashgan. Toshkentgacha sharaqlatib borishadi.
– Samolyot chap yonga ogʻib ketmaydimi? Hamma uyulib opti ularning tepasiga.
– Yoʻoʻq. Bizning samolyotga bunaqa nagruzkalar kopeyka. Ularning ishqibozlari koʻp. Doim shunaqa tomosha qilib kelishadi. Yoʻl uzoq-da, Komish.
Komila boya aylanganda sezmagan ekan, narigi salonning boshqa bir burchagida yana bitta toʻda shakllanib qopti. Sekin borib qaradi.
– Sening uchta tapponing oʻttiz boʻlsa, mening uchta qargʻam oʻttiz bir. Mana bu tuzni koʻryapsanmi? Oʻynashni oʻrganvol, keyin men bilan tashlashasan! – derdi qartavozlardan biri.
– Ha endi bir qoʻling kep qoldi-da. Oʻtgan safar srazu yuz elliktaga tushganing esingdan chiqib ketdimi? Suz, davay! – derdi raqibi.
Atrofdagilar «lekin dahshat koʻtardi», «oʻttiztasiga ishonib, katta tikvordi-da oʻzi», «bu safar qiziq oʻyin boʻldi», «Damin vaqtliroq ochib yuborishi kerak edi» qabilida har xil fikrlarni bildirib, oʻyinga kollektiv sharh berishardi.
Komila yana Roza opasiga bordi.
– Anu yerda qimor oʻynashyapti. Bu taqiqlangan narsa emasmi? Roza opa, komandirga aytish kerak. Melisaga topshiraman, deb qoʻrqitsin. Katta-katta pul tikishyapti. Dollarda! Oʻyinni toʻxtatmasa boʻlmaydi. Janjal chiqib qolsa, parvoz xavfsizligiga taʼsir qiladi.
– Hech qanaqa ishkal boʻlmaydi, xavotir olma. Ular – Damin bilan Sodiq. Doim oʻynashadi. Bir gal unisi, bir gal bunisi koʻtaradi bankni. Hech ham janjallashishmagan.
Komila hech narsaga eʼtibor bermay, faqat oʻzining «funksional» vazifalarini bajarish, nima boʻlganda ham bepisand boʻlishga qaror qildi. Lekin burchakdagi kichkina xonalardan biriga bir ayol va bir erkak billa-billa kirib ketganini koʻrganida yana allanechuk ahvolga tushdi. Har bir salonning oxirida unaqa xonalardan ikkitadan bor. Hammasi boʻsh. Bular esa bittasiga kirib ketdi.
– Roza opa, endi bir narsa qilmasangiz boʻlmaydi. Narda, qarta, pista, uzala tushib yotishlarga, salon chiqindixonaga aylanganiga (darhaqiqat, salonda pista poʻchogʻidan tashqari, yogurt qutilari, konfet qogʻozlari, bir martalik stakanlar, reklamali qogʻoz parchalari, xitoylik doʻkondorlarning tashrif qogʻozlari, yana koʻp balo polni toʻldirgandi), hamma-hammasiga chidayman. Lekin anu hojatxonaga bir erkak bilan bir ayol kirib ketganiga qanday qarab turish mumkin?!
– U – …noza, – dedi Roza opa. – Samolyotdayam bekor oʻtirmaydi. Eʼtibor berma. Hozir chiqib, oʻrinlariga oʻtirishadi. Glavnoye – ne volnovatsya po pustyakam.
«Pustyak» deganlari shu boʻlsa, «murakkabi» qanaqa boʻlar ekan, deb oʻylab qoldi Komila. Ommaviy madaniyat-ommaviy madaniyat deb, koʻp gapirishadi. Lekin ommaning madaniyati haqida hech kimsa lom-mim demaydi. Aslida avval ommani madaniyatli qilish kerak ekan. Shunda ommaviy madaniyat oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlardi, deb xulosa qildi u.
Samolyot Toshkentga qoʻnganidan keyin Komila toʻgʻri rahbarning oldiga borib, oʻzini «sivilniroq» reysga oʻtkazishlarini soʻradi. Rahbar unga bu dastlabki shok holati ekanini, yana ikki-uch marta Xitoyga borib kelsa, oʻrganib qolishini obdon uqtirdi. «Yevropeyski» yo «amerikanski» reyslarga oʻtish uchun kamida ikki-uch oy, boʻlmasa, naqd yarim yil «ot bozori»da ishlab berish kerakligini aytdi.
Olti oydan keyin Komilaning koʻzi pishib ketdi. U Xitoydan qaytayotgan ishbilarmonlar bilan biznes qilishni oʻrganib oldi, Oʻzbekistonga tasodifan yuan bilan kelib qolganlarning pullarini dollar qilib berishga oʻtdi. Qarta va narda oʻyinlariga pul tikib, bir-ikki soʻm ishlashning yoʻllarini qildi. Rahbar chaqirib, «sivilni» reysga oʻtishni taklif qilganida esa, «otkaz» berdi.
Bularning hammasini men Komila Roza opasi bilan bir qahvaxonada gaplashib, eslashib, hingillashib oʻtirganda oʻgʻrincha eshitib olganman. Oʻshanda odamning madaniyatini «ommaviy madaniyat» emas, ommaning madaniyati oʻzgartiradi, degan xulosaga kelganman.
JULQUNBOYning jiyani