UzAuto Motors o‘zbekchilikka mos kompaniya, uni ayblashning keragi yo‘q

3 mart kuni «UzAuto Motors» avtomobillari uchun shartnoma tuzish boshlangandi. Shuningdek, kompaniya xaridorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida oldindan to‘lov miqdorini 85% dan 50 % ga tushirdi. Kompaniya rasmiy xabari e’lon qilinganidan so‘ng, bir necha soat ichida 13 203 ta avtomobilga shartnoma tuzildi.

Kontraktasiyaning ochilishi hamda yangi avtomobillarga sotuvning boshlanishiga bo‘lgan yuqori talab va qiziqish sababli dilerlik korxonalar oxirgi mijozga qadar ishlashga qaror qilishgan.

Chevrolet Lacetti avtomobili uchun 6.300 ta va Chevrolet Cobalt modeli uchun 4 700 ta shartnoma tuzilgan. Ushbu avtomobil modellari xaridorlar orasida eng ommabop modellar bo‘ldi.

«Chevrolet Traverse» va «Tahoe» avtomobillarini xarid qilish uchun arizalar qabul qilish boshlanganidan so‘ng, dastlabki 20 daqiqada kompaniyaga 200 dan ortiq buyurtmalar kelib tushgan. Ushbu avtomobillarga ariza qabul qilishning ilk kuni natijalariga ko‘ra 320 dan ortiq buyurtmalar olingan.

Shuningdek, mashinalar tan narxi oshganiga qaramay bir kishi tomonidan 37 ta avtomobilga to‘lov qilish holati ham kuzatilgan.
Gentra 1-pozisiya – 128 mln 284 ming so‘m.
Gentra 3-pozisiya – 153 mln 506 ming so‘m.
Nexia 3 AT/plus – 119 mln 921 ming so‘m.
Cobalt AT/plus – 125 mln 765 ming so‘m etib belgilanganiga qaramasdan aholi orasida avtomobil uchun to‘lov qilish holatlari pastlagan emas.

Aslida «UzAuto Motors»da hech qanday ayb yo‘q, ular avtomobil tan narxini yana ikki baravarga oshirishi kerak. To‘lovni to‘liq amalga oshirib, bir yildan keyin magnitolasiz, o‘rindiqlarsiz avtomashina taqdim o‘tilishi kerak. Sababi, biz shunga loyiqmiz.

Ijtimoiy tarmoqlardagina biz monopol kompaniya deya nomiga osh otamiz-u o‘zimiz uni qullab-quvvatlaymiz. Avtomashinalar narxi ko‘tarilishi barobarida ikkilamchi bozordagi narx ham sezilarli ravishda ko‘tarildi. Xalqning ko‘zi ochilishi haqidagi orzu-umidlardan voz kechish kerak. Millat dabdabaga, topganini havoyi nafsga sarflashga o‘rganib qolgan.

Bir-birini talashga, birovning g‘amini to‘y qilib nishonlashga o‘rganib qolgan. Esingizda bo‘lsa, joriy yil 25-yanvar kuni yuz bergan blekaut ommaviy madaniyatimiz, tanparvar”larimiz haqida yaxshi bir xulosa ko‘rsatgan edi…

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning 1 yanvar holatiga respublikamizda jismoniy shaxslarga tegishli jami yengil avtomobillar soni 3 051 734 tani tashkil etmoqda.

Jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomobillar soni o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 284 608 taga oshgan.

O‘zbekiston Respublikasida har 1000 nafar doimiy aholiga o‘rtacha 87 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelmoqda.

Aholimiz kambag‘al emas, aholimiz aqldan salgina qisilib qolgan xolos…

Toshoyna