«UzAuto Motors» tender e’lon qildi

Joriy yilning 9 mart kuni «UzAuto Motors» AJ tomonidan 2022-2023 yillarda kompaniya aksiyalarining mahalliy va xorijiy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali joylashtirilishini tashkillashtirish uchun anderrayterlar konsorsiumini tanlab olish bo‘yicha rasmiy tender e’lon qilindi.

Potensial investorlarni aniqlash, bozor sharoitini va IPO jarayonini tashkillashtiruvchi bank-anderrayterlar fikr-mulohazasini o‘rganish maqsadida 2021 yil oktyabr-noyabr oylarida kompaniya tomonidan «JP Morgan», «Citi», «Credit Suisse», «Raiffeisen Bank International», «Societe Generale», «Natixis» va «Gazprombank» kabi xorijiy investision banklar hamda respublikada faoliyat yuritayotgan tijorat banklari va brokerlarga tavsiyalar uchun so‘rovnomalar yuborilgan.

Kelib tushgan tavsiyalarni tahlil qilgan holda, «UzAuto Motors» AJ tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda IPO hajmi va shartlari bo‘yicha tender hujjatlari ishlab chiqildi hamda anderrayterlar konsorsiumini tanlab olish bo‘yicha rasmiy tender e’lon qilindi. Mazkur tenderda mahalliy anderrayterlar bilan bir qatorda anderrayting faoliyatini olib boruvchi xorijiy banklar va investisiya vositachilari ham ishtirok etishlari mumkin. Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 yanvardagi PQ–90-son qaroriga bilan 2023 yil 31 dekabrga qadar eksperiment tariqasida xorijiy banklar va investisiya vositachilariga O‘zbekiston Respublikasida alohida lisenziya olmasdan qimmatli qog‘ozlar bozorida anderrayting faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan va o‘z mablag‘larining miqdori 500 mln so‘mdan kam bo‘lmagan mahalliy yuridik shaxslar bilan shartnoma tuzgan holda, anderrayting faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilgan.

Rasmiy tender O‘zbekiston Respublikasi Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xom ashyo birjasi veb-saytida e’lon qilindi.

Tenderning tugash sanasi 11-04-2022 13:00 etib belgilandi.

«UzAuto Motors» AJ tomonidan mahalliy va xorijiy fond bozorlarida IPO amalga oshirilishi kompaniya uchun yangi investisiya loyihalarni amalga oshirgan holda faoliyatni yanada kengaytirish, investision jozibadorlikni oshirish, korporativ boshqaruvni xalqaro standartlarga moslashtirish, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur IPO ayniqsa mahalliy bozorda investorlar uchun jozibador bo‘lgan yangi qimmatli qog‘ozlar taklifini shakllantiradi va likvidlik oshishiga hissa qo‘shadi.