Yulduz Usmonova iste’molchilar huquqlarini buzdimi?

Yulduz Usmonova uning konsertiga bilet sotib olib kirgan tomoshabinlarga (yoki ularning bir qismiga) ochiqdan-ochiq qo‘pollik qilganligi ko‘rinib turibdi. Konsertga kelgan uzoq-yaqindan kelgan ayollarni sensirab, “boshqa konsertda qilasan unaqalaringni. Jim o‘tiramiz” deb baqirib tashlagan. Hullas, tomoshabinlar oldida o‘zini juda ham qo‘pol tutgan. Xo‘sh, ayni shu vaziyatda Yulduz Usmonova qanday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ydi?

Usmonova bu konsertda pul to‘lagan tomoshabinlar uchun xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lgan va xizmat ko‘rsatish davomida o‘sha yuzlab (yoki minglab) tomoshabinlar o‘zlarini iste’mol huquqlari buzilgan deb da’vo qilishlari mumkin.

Bu yerda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun buzilgan bo‘ladi. Bu qonunning 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.

Usmonovaning tomoshabinlarga qilgan qiliqlarini ikkilanmay, sifatsiz xizmat deyish mumkin. Chunki konsert dasturlari bu ko‘ngilochar xizmat turlaridan biridir. Ko‘ngil ochish va madaniy xordiq olish uchun bilet sotib olib, aksincha, bu konsert ijrochisidan do‘q-po‘pisa va qo‘pollik qabul qilib, ko‘ngil buzilib chiqib ketish, sifatsiz xizmat deb topilishi mumkin.

Yuqoridagi qonunning 19-moddasi 13-qismiga ko‘ra, sifatsiz bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) tufayli iste’molchiga yetkazilgan zarar uchun ijrochi ushbu Qonunning 20, 22, 27, 29-moddalariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Demak, bunday javobgarliklarga moddiy javobgarlik, ya’ni huquqim buzildi deb hisoblagan tomoshabinga bilet uchun to‘langan va shu konsert joyiga kelish uchun qilingan harajatlarni qaytarish, ma’naviy zarar uchun javobgarlik, ya’ni Usmonovaning dag‘dag‘alari va po‘pisalaridan o‘zini kamsitilgan deb hisoblab, ruhiy azob tortgan tomoshabinlarga sud belgilaydigan zararlarni to‘lash hamda ma’muriy javobgarlik, ya’ni tomoshabinning iste’molchi sifatidagi huquqini buzganligi uchun ma’muriy jazolar mavjud.

Bunday holatlarda belgilangan talablarga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatib, iste’molchiga zarar yetkazganligi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK)ning 178-moddasiga asosan huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.

Keyin, jamoat tartibini buzuvchi xatti-harakatlar qilib jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik degan huquqbuzarlik ham bor, buni mayda bezorilik deymiz. Agar xonandaning harakatlarida mayda bezorilik ham bor deb topilsa, unga nisbatan MJtKning 183-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa jazosi xavf solishi ham mumkin.

Hullas, jamiyatda sodir qilingan barcha huquqbuzarliklar uchun jazo muqarrar. Lekin, ba’zan guvohi bo‘lyapmizki, boshqalardan farqli ravishda Usmonova qonunbuzarligi uchun baribir jazosiz qolmoqda va yomon tomoni bu uni yana qayta-qayta huquqbuzarlik qilishiga olib kelmoqda. Opani to‘xtatib bo‘lmayapti.

Til qursina, til qursin!