Bugun, 4-may kuni Jizzax viloyati Zomin tumanining tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida tumanning “Pishog‘ar”, “Achchi” va “Sho‘rcha” qishloqlaridan o‘tgan soylardan sel suvlarini oqishi kuzatilmoqda.
Hodisa natijasida sel suvlari “Jizzax – Zomin” avtomobil yo‘li ostida o‘rnatilgan quvurlarga sig‘masdan ushbu yo‘lning 25, 26, 27 km. lari ustidan toshib, yana soy o‘zani bo‘ylab oqib o‘tgan.
Zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan FVV qutqaruvchilari suvda oqib kelayotgan “Pishog‘ar” QFY Qong‘li qishlog‘ida yashovchi 20 yoshli fuqaro E.Nni qutqarib oldilar. Hozirda ushbu fuqaroning ahvoli yaxshi, tan jarohati olmagan.
Sel oqimi natijasida aholi tomorqalari, hovlilari va ichki ko‘chalarda suv toshishi holatlari kuzatildi.
Voqea joyida viloyat FVB rahbariyati boshchiligida qutqaruvchilar tegishli xizmatlarning kuch va vositalari tomonidan sel suvlari toshgan ko‘chalar, aholi xonadonlari o‘rganilmoqda, yo‘llarda xavfsizlik YHX xizmati tomonidan nazoratga olingan.