Avvalroq, Qozog‘istonning Jambil viloyatida O‘zbekiston avtobusi avariyaga uchragani haqida xabar bergan edik.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining axboroti eʼlon qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Olmaota shahridagi (Qozog‘iston Respublikasi) Bosh konsulxonasi maʼlumotiga ko‘ra, joriy yil 12-may kuni Jambil viloyatida yo‘lovchi avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Nukus – Olmaota yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan avtobusda 53 nafar yo‘lovchi, shu jumladan 47 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan. Voqea oqibatida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi.
Ayni paytda 16 nafar yurtdoshimiz tuman shifoxonasida, jumladan, 2 nafari jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi qoshida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi. Diplomatlar voqea joyiga yetib bordilar.
Huquqni muhofaza qilish organlar va tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan. Marhumlarning jasadlarini vatanga olib kelish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar hal etilmoqda.
Vaziyat Bosh konsulxona nazoratiga olingan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi halok bo‘lganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi hamda hamyurtlarimiz mamlakatimizning Olmaota shahridagi bosh konsulxonasiga (tel.: +77779504422, +77779504433) yordam so‘rab murojaat qilishlari mumkinligini maʼlum qiladi, deyiladi xabarda.