Yoshlar o‘rtasida sportning futbol, mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi

Bugun Yangihayot tuman hokimligi tomonidan 332-maktabda jurnalist va blogerlar uchun navbatdagi matbuot anjumani tashkil etildi. Unda yig‘ilganlarga yozgi ta’til davrida yoshlarning, xususan, maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Bugungi kunda Yangihayot tumanida 16 ta maktab mavjud bo‘lib, joriy yilning 3 iyunidan 26 iyuliga qadar tumandagi 5 ta maktabda yozgi oromgohlarni, qolgan 10 ta umumta’lim maktablarida sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etilib, 5 tashabbus doirasida to‘garaklar faoliyat yuritadi.

Shuningdek, 419 nafardan ortiq kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 123 nafar oila farzandlarini yozgi oromgohlarda sog‘lomlashtirilishi, ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turgan 20 nafar otaliqqa olingan voyaga yetmaganlar uchun tuman prokuraturasi tashabbusi bilan sport sog‘lomlashtirish oromgohlariga qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, “Besh muhim tashabbus” loyihalari doirasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tuman mahallarida istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida sportning futbol, mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha musobaqalarini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Tumanda 30 mahalla kesimida mahalla binolarida, umumta’lim maktablarida sportning shaxmat-shashka, “streetworkout” turi bo‘yicha 3 bosqichli (mahalla, sektor, tuman) “Yoshlar yetakchisi kubogi” o‘yinlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari sportning suzish turi bo‘yicha 3 bosqichli (mahalla, sektor, tuman) “hokim kubogi” musobaqasini, 30 ta MFY kesimida sportning mini futbol turi bo‘yicha 3 bosqichli (mahalla, sektor, tuman) “prokuror kubogi” musobaqasini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Matbuot anjumani so‘nggida tumandagi 332-sonli maktab misolida yozgi oromgohlarda yaratilgan shart-sharoitlar jurnalist va blogerlarga tanishtirilib, hokimlik mas’ullari tomonidan barcha savollarga javob berildi.