Jambul viloyatida o‘zbekistonliklarni olib ketayotgan yo‘lovchi avtobus YTHga uchrab, yonib ketdi

Qozog‘istonning Jambul viloyati Jambul tumanida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus YTHga uchradi. Bu haqda O‘zbekiston FVV Matbuot xizmati Qozog‘iston FVV tayanib, xabar berdi.

Ma’lum qilinshicha, bugun, 15 iyun kuni Qozog‘iston vaqti bilan soat 03:10 da Jambul viloyati Jambul tumanidan o‘tuvchi “Almata-Toshkent” avtomobil yo‘lining 545 km.da “Qizil tan” qishlog‘idan 7 km uzoqlikda trikotaj mahsulotlari ortilgan yuk mashinasining yonishi oqibatida, avtomobil yo‘lida tirbandlik yuzaga kelgan.

Natijada, soat 03:40 larda “Almata-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan yuk mashinasi 2 ta yo‘lovchi tashish avtobusi va 1 ta yengil avtomobil bilan to‘qnashuv sodir etgan. To‘qnashuv oqibatida ushbu avtotransport vositalarida yong‘in kelib chiqqan.

Yong‘in sodir bo‘lgan avtobuslarning birida 31 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan va ulardan 3 nafari o‘rta darajada tan jarohati bilan Taraz shahar tibbiyot maskaniga olib borilgan.

Shuningdek, TURAN PRESS nashrining yozishicha, YTH oqibatida bir nafar fuqaro vafot etgan. 11 kishi shifoxonaga olib ketilgan. Halok bo‘lgan shaxs qaysi davlat fuqarosi ekani haqida ma’lumot hozircha berilmagan.

Hozirda jarohatlangan fuqarolarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.