200 000 so‘mlik banknotalarning muomalaga chiqarilishi dollarlashuv darajasining kamayishiga xizmat qilishi mumkin

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari so‘nggi oylarda naqd pulga talabning oshishiga sabab bo‘layotgan omillarni tahlil qildi.

➖2022 yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, muomaladagi naqd pullarning hajmi 36,9 trillion so‘mga yetib, 2017 yilning 1 iyun holatidagiga (13,2 trln. so‘m) nisbatan 2,8 barobar oshgan.

Shunday bo‘lsa-da, naqd pullarning keng ma’nodagi pul massasidagi ulushi kamayib bormoqda. Ushbu ko‘rsatkich 2017-yilning 1-iyunida 31,2% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilning 1-iyuniga kelib 23% gacha kamaydi.

➖2017 yildan boshlab naqd pulga bo‘lgan talab mavsumiy xarakterga ega bo‘lib kelmoqda. Aprel-may oylaridan boshlab iqtisodiy faollikning ortishi (masalan, to‘y va shunga o‘xshash marosimlar sonining ko‘payishi, qurilish ishlarining tezlashishi, yozgi pishiqchilik, dam olish va ular bilan bog‘liq xarajatlarning ortishi) naqd pulga bo‘lgan talabni oshiradi va ushbu tendensiya noyabr oylariga qadar davom etadi.

Noyabrdan mart oyigacha bo‘lgan davrda muomaladagi naqd pul hajmi sezilarli darajada kamayadi. Aprel-noyabr oylari oralig‘ida chet eldan pul o‘tkazmalarining ko‘payishi bilan aholi tomonidan valyuta sotuvi hajmi ham oshib boradi. So‘mning AQSH dollariga nisbatan qadri mustahkamlanishi yoki barqarorligini saqlab turishi sharoitida ushbu tendensiya yanada jadallashadi.

➖Joriy yilning 5 oyida pul o‘tkazmalari hajmi 4,19 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu 2021 yilning mos davridagiga (2,61 mlrd AQSH dollari) nisbatan 61% ga (1,58 mlrd AQSH dollariga) ko‘pdir.

Mazkur davrda banklar tomonidan jismoniy shaxslardan 4,32 milliard AQSH dollari miqdorida valyuta sotib olindi. Bu esa o‘tgan yilning mos davridagiga (2,72 mlrd AQSH dollari) nisbatan 59% ko‘p degani.

➖Katta hajmdagi oldi-sotdi operasiyalarini (uy-joy, mashina oldi-sotdisi) xorijiy valyutada (AQSH dollari, yevro) amalga oshirilganda, o‘z-o‘zidan milliy valyutaga talab kamayadi.

➖Ichki valyuta bozorida so‘mning AQSH dollariga nisbatan qadri oshishi ortidan aholining ko‘pchiligi valyutadagi jamg‘armalarini milliy valyutaga o‘tkazishni afzal ko‘ra boshlaydi.

➖Valyuta kursi barqarorligi saqlanib turgan bir sharoitda 2022-yilning 15-iyulidan 200 000 so‘mlik banknotalarning muomalaga chiqarilishi katta hajmdagi naqd hisob-kitoblarni osonlashtirib, dollarlashuv darajasining yanada kamayishiga xizmat qilishi mumkin.

➖So‘nggi 4 yilda to‘lov tizimining rivojlantirilishi natijasida naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmi sezilarli darajada oshdi. Muomaladagi bank kartalari soni 1,7 barobarga (01.06.2018 yil holatiga ko‘ra 17,7 mln donadan 01.06.2022 yil holatiga ko‘ra 29,4 mln donaga), o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 1,8 barobar (241 mingtadan 433,2 mingtaga), o‘rnatilgan bankomat va infokiosklar soni 2,7 barobar (6,1 mingdan 16,7 ming)ga ko‘paydi.

➖2022-yilning yanvar-may oylari oralig‘ida to‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar hajmi 58,2 trillion so‘mga yetdi va 2021-yilning mos davridagiga (39,9 trln so‘m) nisbatan 1,5 barobar 2018 yilning yanvar-may oylaridagiga (23 trln. so‘m) nisbatan 2,5 barobar oshdi.