Bugungi kungacha prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqotiga 7 ming 200 dan ortiq taklif va murojaatlar kelib tushgan. Ularning aksariyati joyida hal etilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, xususiy mulk himoyasi, lisenziya va ruxsatnomalar olishdagi byurokratiya, tadbirkorlar uchun kredit, yer va bino ajratish, soliq ma’murchiligi hamda infratuzilma masalalari dolzarb bo‘lib turibdi. Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan yig‘ilishida bu muammolarning sabablari va ularni hal etish choralari muhokama qilindi.
Avgust oyi o‘rtasidan boshlab, joylarda vazirlar va hokimlar ishtirokida tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi o‘tkazilishi belgilandi. Prezident ishtirokidagi uchrashuv bu haftalikning yakuniy va asosiy voqeasi bo‘ladi.
Avvalroq 20 avgust kuni Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik. Ishbilarmonlarning murojaat va takliflarini qabul qilish uchun sutkasiga 24 soat, haftasiga 7 kun faoliyat ko‘rsatayotgan koll-markazlar va tahliliy shtab tashkil qilindi.
Tezkor bog‘lanish raqami: 1094, telefon raqamlari: (78) 150-60-06, (71) 238-52-52, portallar: taklif2022.uz, tadbirkor.mift.uz.