Mirishkor hokimining 50 ming dollar bilan qoʻlga tushgan oʻrinbosari va Muborak IIB boʻlimi boshligʻiga sud hukmi oʻqildi

Shu yilning 4-avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi tuman sudi binosida tuman sudi raisi O.Shukurovning raisligida ochiq sud majlisi oʻtkazilgan. Bu haqda “Nasafnews” manbasi xabar berdi.

Sudda sudlanuvchi U.Yaxshiyev Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi lavozimidan Mirishkor tumani hokimi oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlangani aytildi va u muqaddam ichki ishlar organlarida ishlaganida Muborak tuman IIB boshligʻi X.Baxriyev bilan jinoiy til biriktirgani maʼlum boʻlgan.

Fuqarolar J.Esanov va O.Abdullayev chorvachilik klasterini tashkil qilish uchun Mirishkor tumani hududidan 1000 gektar yer maydoni ajratilishida yordam berishni soʻrab, Mirishkor tuman hokimligiga murojaat qilishgan.

Oʻrinbosar Mirishkor tuman hududidan 500 gektar yer ajratib berishga yordam berishini aytib, buning evaziga 40.000 AQSH dollari miqdorida, qolgan 500 gektar yer maydonini jinoiy sherigi X.Baxriyev orqali Muborak tumani “Muborak” MFY hududida joylashgan jazoni ijro etish koloniyasiga tegishli boʻlgan yer maydoni hududidan olib berishini vaʼda qilib, buning evaziga yana 40.000 AQSH dollari, jami 1000 gektar yer maydoni olib berishi evaziga 80.000 AQSH dollari miqdorida pul mablagʻi berishlarini talab qilgani aniqlangan.

Sud hukmiga koʻra, Yaxshiyev Umid Nosirovich Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismining “a” bandi va 28,211-moddasi 3- qismining “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Unga nisbatan 2-yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida, 108 mln soʻm jarima jazosi va 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ayblanuvchining sherigi, Muborak tumani IIBning sobiq boshligʻi Baxriyev Xujanazar Shoymardanovichga 2-yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 213 baravari miqdorida, 57 mln 510 ming soʻm jarima jazosi tayinlandi.