Sirojiddin Sayyid umra ziyorati haqida she’r yozdi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Sayyid umra ziyorati haqida she’r yozdi.

Millat baxtin so‘rar millat otasi

Yurgandik umrning o‘ylovi bilan,
Nogoh Xudoyimning yo‘llovi bilan,
Yerdagi soyasin qo‘llovi bilan,
Haq ijozati ham Haq irodati —
Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

Muborak ravzada aylab duolar,
Bo‘lmasin deb hargiz balo-qazolar,
Yurt egasi so‘rar elga ziyolar,
Rabbim soyasidir — el himoyati,
Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

Najot ehromini biz o‘rab keldik,
Eng avval el-yurtga baxt so‘rab keldik,
Ketmas toju davlat, taxt so‘rab keldik,
Bordir har duoning o‘z ijobati,
Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

Millat baxtin so‘rar millat otasi,
Ko‘zlardagi yoshlar — dil ifodasi.
Bunda niyatlarning yo‘q nihoyasi.
Maqsad — yurt tolei, xalq saodati,
Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

Sajdaga bosh urib odil Rahnamo,
Tinchlik-omonlik deb aylar tavallo.
Yosh avlod kamolin so‘rar avvalo,
Xalq uchun bo‘ldi bu Haq shafoati,
Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

O‘ttiz yildan buyon kutilgan tashrif,
O‘zing el maqomin aylading sharif.
Imom Buxoriydan tahsin va ta’rif —
Haq sharofati bu, Haq inoyati,
Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

Mufti hazratlari hozir-nozirlar,
Duoga qo‘l ochib turar vazirlar.
Ming yillardan so‘ng ham buni yozurlar —
Yangi zamonlarning zar kitobati,
Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

El-yurt barchamizga jonu jahondir,
Ota makondir ham bobo makondir.
Vatan, ona Vatan O‘zbekistondir —
Shavkatli zotlarning sha’n, shijoati,
Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

Ezgulik tug‘ini baland tutgaymiz,
To dunyo turguncha hushyor o‘tgaymiz,
Yo‘lboshchi yonida bedor o‘tgaymiz,
Vatanni sevmoqlik — qalb diyonati,
Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.