Naqd pul taqchilligi yohud banklarda turnaqator navbatlar

Barchamizga ma’lumki, joriy yilning 15 iyulidan boshlab yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 200 000 so‘m bo‘lgan banknot shaklidagi pul muomalaga chiqarildi. Bundan ko‘zlangan maqsad nima edi?

“Banknotlarning yaxshi himoyalangan seriyasini chiqarishni boshladik, hozir 100 mingtagacha chiqardik. Naqd pul muomalasini tashkil qilishda ma’lum bir o‘zining qonuniyatlari bor, bu qonuniyatlar mamlakatda shakllangan o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib, banklarning banknot strukturasi belgilanadi. Bu bilan biz muomaladagi naqd pulni optimallashtirish jarayonini amalga oshirmoqdamiz.
Maqsadimiz – banknotlar strukturasini o‘zgartirib borib, naqd pulni odamlar uchun qulay to‘lov vositasiga aylantirish. Shu sababli bu ishimiz keyinchalik ham davom etadi. 2024 yilda 200 ming so‘mlikni muomalaga chiqarishni reja qilyapmiz”, – deya ta’kidlagandi Markaziy Bank raisi Mamarizo Nurmurodov.

Banknotalar muomalaga chiqarildi. Banklardan borib olish imkoniyati yaratildi, biroq hali ko‘zlangan maqsadga yetilmadi. Naqd pul muammosi hamon yechilgani yo‘q.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari so‘nggi oylarda naqd pulga talabning oshishiga sabab bo‘layotgan omillarni tahlil qilarkan, 2022 yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, muomaladagi naqd pullarning hajmi 36,9 trillion so‘mga yetib, 2017 yilning 1 iyun holatidagiga (13,2 trln. so‘m) nisbatan 2,8 barobar oshgani haqida ma’lumot taqdim etgandi. Shunday bo‘lsa-da, naqd pullarning keng ma’nodagi pul massasidagi ulushi kamayib borayotgani, ushbu ko‘rsatkich 2017 yilning 1 iyunida 31,2% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning 1 iyuniga kelib 23% gacha kamaygani ta’kidlangandi.

Ularning aytari aytildi, qilari qilindi. Tepadan bo‘lgan topshiriqlar bajarildi. Qariyb bir oydirki banklarda naqd pul muammosi bilan bir qatorda, AQSH dollari yetishmasligi ham kelib chiqqani qanday tushunish mumkin? Chet eldan jo‘natilayotgan pul o‘tkazmalarini olishda aholi qiynalmoqda, ba’zi hollarda majburan so‘m olishni tavsiya qilishyapti yoki o‘sha so‘mning o‘zi yo‘q.

“Bir haftadan beri bankka qatnayman. Bir vaqtning o‘zida uchtalab bankning navbatga yozilaman. Banklarni kompyuteri qotyapti ekan. Bitta oyna ishlayapti. 200 kishi navbatga turadi, bundan 20 kishiga tushgacha pul tarqatib ulguradi. Shu bilan bankda pul tugaydi. Ba’zida bir kun oldin navbatga yozilganlargagina xizmat ko‘rsatiladi. Kimdir bolasini kontraktini yoki boshqa to‘lovlarni amalga oshirgani kelsa pul bo‘ladi deb aytadi bank xodimlari. Hatto o‘sha pulni kutib o‘tirganlar bor. Dollar yetmay qolganidan so‘ng istasangiz so‘mda oling deyishadi, ko‘pchilik olaman degan pullar bir kishiga tegishli emas, birovni pulini so‘mda olib borsa ham bir gap eshitishi mumkin. Bankomat oldida bir kishi aytib qoldi. Chetdan o‘g‘li yuborgan pulni tezroq olaman deb plastikka so‘mga o‘tkazib olibdi. So‘mga o‘tkazganida qanchadir foiz olganmish. Uni UZCARD bankomatdan olaman desa pul yo‘q, qayerdadir HUMO bankomatda pul bor deb aytishgan. Boshqa plastikka o‘tkazibdi. U kelgunicha bankomatda pul tugab qolibdi. “Sarson bo‘ldim, ancha pulim kartadan kartaga pul o‘tkazish foizlariga ketdi” deb aytdi. Viloyat markaziga borishni ham o‘ylab ko‘rdik. So‘rashtirsak viloyat markazidagi bankda ham bir joyda dollar bor u ham kam ekan. Xullas ko‘pchilik mana shunday qiynalib qolyapti”, deydi murojaatchilardan biri.

Tuman markazlaridagi ko‘p bankomatlar bo‘sh, ba’zilari ishlamaydi. Ishlab turganlari oldida katta navbat. Xalq kimdur ikki marta kartasidan kattaroq miqdorda pul yechib olsa janjal ko‘taradi. Bizga ham pul yetsin deydi. Surovnoma shaklida bergan savolimizga qariyb respublikaning barcha hududlarida, shu bilan birga Toshkent shahrida ham bankomatlar bilan bog‘liq muammolar borligi aytib o‘tildi. Mutasaddilar esa hamon jim.

Dollar masalasiga keladigan bo‘lsak, banklarda juda kam AQSH dollari aylanyapti. Qara bozorga barham berilgani aytilgan bo‘lsada hamon kunda kunora “valyutchik”lar qo‘lga tushib turibdi. Tizim hamon o‘z iziga tushmagan…


Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi murojaatlardan kelib chiqqan holda bankomatlar orqali iste’molchilarga bank xizmatlarini ko‘rsatish holati yuzasidan o‘rganish va tahlillar o‘tkazgani haqida xabar chiqdi. Qayd etilishicha, respublikaning 127 ta hududida tijorat banklari tomonidan joylashtirilgan 1003 ta bankomat bo‘yicha o‘tkazilgan kuzatuvlarda ularning 103 tasida bank nomi, ishonch telefon raqami va to‘lov tizimi haqidagi ma’lumot yo‘qligi aniqlangan. Shuningdek, 2 ta holatda 24/7 tunu kun ishlovchi shoxobchasi yopiqligi, 52 ta bankomat nosoz holatda va ishlamayotgani, 107 ta bankomatda naqd pul yo‘qligi qayd etilgan.

Ushbu ma’lumotlar rasmiy, biroq haqiqatni boshqacha o‘rgansangiz raqam katta. Ko‘p sonli bankomatlar ishlamaydi yoki kamdan kam hollarda pul joylanadi. Naqd pul muammosi doimgidek dolzarb. Plastik kartalar bilan savdo qilish imkoniyati hamma joyda ham yo‘lga qo‘yilmagan, plastikni ko‘rsatsangiz bozorlarda sotuvchilarning ko‘pchiligining qovog‘idan qor yog‘adi.
Misol uchun Abu saxiy, Bek baraka, Otchopar bozorlaridagi hech bir do‘konda terminal yo‘q yoki borlarini ham xaridor ko‘zidan panaga olib qo‘yishgan. «Terminal bormi?» degan savolga «klik» bor deb javob berishadi. Mana shu «klik», ya’ni to‘lov o‘rniga plastik kartaga o‘tkazib berish eng katta «chernыy ekonomika»ga aylanib ulgurdi. Sabab — soliq yukining balandligi, bu endi alohida mavzu.

Aslida muomalada naqd pul yetarli. Lekin o‘sha «naqd»ning qanchasi hisobda, qanchasi hisobdan tashqarida aylanyapti? Mana shu savolga javob berish, sabablarini xolisona aytishga Markaziy bank ham, Soliq qo‘mitasi ham negadir shoshilimayapti…

Tizim kasal, tizim to‘g‘ri ishlamayapti. Banklarda dollar yo‘q, “AKALAR” bosib qo‘ygan dollar hali beri muomalaga chiqarilmaydi. Mutasaddilar esa har doimgidek og‘ziga mum solib olgan…