Diqqat! Jinoiy javobgarlikka tortilasiz

«Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun (OʻRQ–679-son, 30.03.2021 y.) Prezident tomonidan imzolangan.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Jinoyat kodeksga qoʻshimcha kiritildi.

Unga koʻra, Oʻzbekistonning qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni koʻpaytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida daʼvat qilish BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha (14 mln 700 ming soʻmdan 19 mln 600 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, Oʻzbekiston Prezidentini telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet butunjahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Kodeksga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilishga omma oldida daʼvat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.

Unga koʻra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni koʻpaytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan boʻlsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, Fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.

Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi Qonun (OʻRQ–719-son, 04.10.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi

Kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.

Bunday harakatlar:
➖ BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima (ilgari faqat 50 baravarigacha);
➖ 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash (ilgari 1 yilgacha);
➖ 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (ilgari 1 yilgacha).

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda hokimiyat vakilining, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirilib, jarima miqdorlari oshirildi.