Sarpo – baxtning bo’lagi(mi?)

Aslida bu mavzu haqida yozmoqchi emasdim-u, lekin bir voqea sabab bo’ldi. Yaqinda qo’shnimizning qizi katta hayot ostonasiga qadam qo’yib, yangi xonadonga kelib bo’lib tushdi. Biroq, oradan uch oycha vaqt o’tgach, ko’ch-ko’roni bilan qaytib keldi. Bunga asosiy sabab esa kelin qaynonasi xohlagandek mebel qilmagani va har kuni qaynonasi shu bahonani ro’kach qilib uni kamsitgani ekan. Judayam achinarli va kulgili-ya?

Bunday holatlar bugun jamiyatimizda judayam ko’p uchrayotganini, oilaviy nizolar, ajrimlarning ko’pchiligi shu narsaga borib taqalayotganini inkor eta olmaymiz, albatta. Ehtimol, xalq tili bilan aytganda kuyov ota-onasining «orzu-havasi»dir. Biroq «orzu-havasi»ni kelinning bo’yniga ortadigan «erkak»larning hali hamon borligi tanazzulga yuzlanayotganligimizning yorqin isbotidir.

Statistikaga qaraydigan bo’lsak, joriy yilning yanvar-avgust oylarigacha respublika hududida 25 687 ta ajrim holatlari qayd etilgan. Bir qarashda bu ko’rsatish bizga oddiy raqamdek ko’rinishi mumkin, lekin buning zamirida nechta insonlarning hayoti buzilib ketganini, nechtadir go’daklar ota yo ona mehridan mahrum yetim bo’lib qolganligini ifodalaydi. Ajrimlarning asosiy sababi oilaviy muammolar, farzandsizlik, er-xotinning kelishmovchiligidan kelib chiqadi.

Ota-ona imkoniyati doirasida farzandini yaxshi ulg’aytirishga, yaxshi tarbiya qilishga haqli, ammo bu qiz uzatayotganda kuyovning bo’shatib qo’ygan qo’sha-qo’sha uyini to’ldirib qo’yishi shart degani emas. Dabdababozlik, isrofgarchilik, to’yni ro’kach qilib «to’yona» nomi ostida berilayotgan poraxo’rliklar bizni ilmsizlik botqog’iga tortmoqda. Insonlarni o’zi kashf qilgan urf-odatlar o’zini tamom qilmoqda.

Afsus, bu odatlarni xato ekanligini hali ham anglolmayapmiz. Agar mebel bilan oilalar rostdanam baxtli bo’lib ketganda, hayot umuman boshqacha bo’lgan bo’lardi. Eng avvalo, sarposi bo’lmasa-da, kelinning go’zal xulqiga, tarbiyasiga e’tibor qaratilsa, bugun o’zbek xonadonlaridan jinoyatchilar, poraxo’rlar emas, al-Buxoriylar, Naqshbandiylar, Zamaxshariylar ulg’ayaveradi.

To‘ylar qilish, shodlanish, farzandlarinining quvonchli kunlarini ko’rish barchaga nasib qilsin, ammo ma’naviy qiyofani yo‘qotish, qarzlarga botish, infarkt, insult olib, kimnidir baxtsiz qilish evaziga emas! Chunki har narsa-da me’yor, chegara bo’lgani yaxshi!

Laylo Esanmurodova