Prezident qaroriga ko‘ra, mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yaxlit vertikal «mahalla – tuman – viloyat – respublika» boshqaruv tizimi yaratilib, har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.
Ushbu yetakchilarning shtat birliklari umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi 10 ming nafar yoshlar yetakchilari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantirildi.
Bir qarashda juda oqilona qaror. Hech kim ishsiz qolmaydi, boz ustiga maktablardagi yetakchilar ish bilan ta’minlanishi bo‘yicha mutasaddilar zimmasiga zarur ishlarni amalga oshirish vazifasi yuklangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kungacha maktab yetakchilaridan 1376 nafarining nomzodi mahalladagi yoshlar yetakchiligiga tasdiqlangan, 24 nafari maktab direktorligiga, 177 nafari direktor o‘rinbosarligiga, 2346 nafari boshqa lavozimlarga ishga tayinlangan.
Raqamlarga ishonadigan bo‘lsak, hozirgacha maktabda mehnat shartnomasi bekor qilingan yoshlar yetakchilarining 50 foizidan ham kamrog‘i ish bilan taьminlangan. Qolganlarning dardi esa o‘zi bilan…
«Mutaxassisligingga qarab maktabdan dars beramiz deyishdi. Harakat qilgan bilan befoyda. Yo‘q darsni qayerdan olib berishadi? U darsni xam o‘tayotgan o‘qituvchilarning ham oilasi bor, ularni ko‘ziga yomon ko‘ringandan ko‘ra boshqa ish qidirgan maqul…»
Ogoh.uz’ga qo‘ng‘iroq qilib bu gaplarni aytgan yoshlardan birining ism-sharifini keltirib o‘tirishni ma’qul topmadik.
Yuqorida aytdik, mahallalardagi yangi joriy qilingan lavozimga maktab yetakchilari orasidan saralab olinadi… Ammo «men ne derman, qo‘bizim ne der…»
Yana ayrim yoshlarning fikriga quloq tutaylik:
«Qaror 19 yanvarda chiqyapti, lekin yo‘q shtatga noyabrdayoq suhbat boshlangan edi. Yana bir narsa, maktabdagi yetakchilar shtati tugatiladi, hamma nomzodini mahallaga qo‘ysin, deyilsa hech kim xafa bo‘lmasdi. Shunda eng bilimli, munosib nomzod o‘tardi. Bu yoqda esa ancha avvalroq ot qamchilanib, imi-jimida suhbatlar, tanish-bilishlar haqida yetakchilar bilmay ham qolishdi…»
«Mahallalardagi yoshlar yetakchisi lavozimiga faqat erkaklarni olishyapti, hozir buxgalterimiz bilan gaplashdim, ularga shunday topshiriq berilibdi. Negaki, kechasi ham reydga, majlislarga borishga to‘g‘ri kelar ekan…»
Ana xolos, maktabda yoshlar yetachisi bo‘lib yurgan qancha-qancha qizlarimiz nima qilsin endi?..
Viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasi, Bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmasi, Xalq ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi xodimlaridan tuzilgan shtablar maktab yetakchilarini ish bilan ta’minlashga mas’ul edi-ku.
«Samarqand viloyatida maktab yetakchilarini ish bilan ta’minlashga mas’ul shtab 22 yanvardan boshlab, maktab yetakchilarining barchasi ishga joylashgunga qadar 9:00 dan 18:00 gacha ish faoliyatini olib boradi. Ayni paytda shtat qisqarishi munosabati bilan ishsiz qolayotgan yoshlar yetakchilari quyidagi telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkin:
+99866 233-70-32
+99866 233-70-49»
Bu xabar chiqqanida hamma Samarqand birinchi boshladi, yashanglar, deb qarsak chalgandi. Ammo bizga murojaat qilgan mana bu yoshning gaplarini eshitib hafsalamiz pir bo‘ldi:
«Zo‘r ayyorlik, bu raqamlarni uch kundan beri hech kim ko‘tarmaydi. Shaxsan o‘zim ertalabdan buyon 57 marta qo‘ng‘iroq qildim. Qani endi kimdir javob bersa… Ha, aldagani bola yaxshi, deganlari shu bo‘lsa kerak. Samarqandlik mas’ullardan bunday «super» ayyorlikni yaqin orada boshqa hududlar ham o‘rganib olsa ajab emas.»
«Ehhe, bizlar bu yerda yonib kuyib necha kundan beri muhokama qilamiz. Lekin hech kimning ishi yo‘q. Ko‘p yetakchilar uzoqdan qatnashadi, 2, 3, 4 soat dars berishyapti, yo‘l haqigayam yetmaydi»
Bu bildirilgan fikrlar Samarqand, Surxondaryo, Andijon viloyatlari va Toshkent shahri (Sergeli tumani)dagi yoshlar yetakchilarining muhokamalaridan olingan.
Murojaatchilarimiz ismni, o‘zlari ishlayotgan maktabni oshkor qilmaslikni iltimos qilishdi. Qolgan 400 ming oylikdan ham quruq qolishdan qo‘rqishgandir ehtimol…
Ko‘rib turganingizdek, yuqorida chiqarilgan xayrli tashabbuslarning hammasi ham quyi bo‘g‘inlarga kelganda risoladagidek amalga oshmayapti. Minglab odamlar ishsiz qolganiga yarasha, mahallalarda «saralangan» yetakchilarning azmu shijoati bilan biror o‘zgarish bo‘larmikan?! Yoki ularning ham vaqti qog‘ozbozlik, hisobot bilan o‘tadimi?
Yaqinda joriy etilgan hokim yordamchisi lavozimi ham odamlar muammosini aniqlash, hal etish uchun yo‘lga qo‘yilgan edi. Oddiy fuqaro sifatida bizning mahallaga kim hokim yordamchisi bo‘lib tayinlanganligini bilmayman ham, hattoki uyma-uy yurib tanishib chiqqanini ham eshitmadim…
Shaxruza Sattorova