Kun mazusi: davlatning bir so‘m puliga ham xiyonat qilmagan hokim va unga bildirilgan fikrlar

Toshkent hokimi oldin ishlagan kompaniyalari Artel va Akfa tomonidan shaharga koʻrsatilayotgan homiylik yordami haqidagi savollardan charchaganligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, kompaniyalar baʼzi aktivlarini sotib, mablagʻlarni shahardagi loyihalarga homiylik qilishga yoʻnaltirmoqda. Jahongir Ortiqxoʻjayev qilgan savob ishlari haqida hech kimga aytmaganligini, bu haqida afsuslanishini bildirdi. «3,5 yil ishlagan boʻlsam, davlatning bir soʻm puliga ham xiyonat qilganim yoʻq», — dedi u.

Mazkur fikrlar yuzasidan ijtimoiy tarmoq faollari ham oʻz munosabatlarini bildirishdi.

«Safar» telegram-kanali «Ortiqxoʻjayev uchun, oʻziga afillangan korxonalar tendersiz, yoki ommaga nomaʼlum boʻlgan yoʻllar bilan kerak-kerak boʻlmagan joylarda, yoʻllarda qurilish-rekonstruksiyalarni yutib olayotgani, ular xalqning yaʼni byudjetning pulidan moliyalashtirilayotgani, bu toʻgʻridan-toʻgʻri choʻntakdan olinmagani uchun xiyonat hisoblanmasmikan?», deya savol qoʻymoqda.

«Ortiqxoʻjayevga korxonalari ishlab chiqaradigan mahsulotlari (elektronika va boshqalar) sabab, importga turli toʻsiqlar qoʻyilib, xalqda tanlov qolmasdan, aslida arzon boʻlishi mumkin boʻlgan narsalarni karrasiga qimmatga sotib olayotgani xalqning puliga xiyonat hisoblanmasmikan. Goʻyoki aholiga tekinga oʻrnatib berilayotgan gaz hisoblagichlar uchun byudjetdan pullar ajratilishi ham davlatning puliga xiyonat hisoblanmasmikan? Yana uzoq davom ettirish mumkin bu roʻyxatni. Lekin Ortiqxoʻjayevning haqiqati boʻyicha u davlat puliga toʻgʻridan-toʻgʻri xiyonat qilmagan va qaysidir maʼnoda u haq. Lekin gap shundaki, unga hech kim toʻgʻridan-toʻgʻri davlat mulkiga xiyonat qilish haqida ayblov qoʻymagan», — deya qoʻshimcha qilinadi postda.

Bobur Akmalov esa normal jamiyatda qonunlar ishlashini taʼkidlamoqda.

«Endi amaldor, boʻlib ham hokim shunaqa gapirmasligi kerak-da! Axir amaliyotda biz Ortiqxoʻjayev bilan bogʻliq qancha keyslarni koʻrib turibmiz-ku. Bunday emotsional nutq jiddiylikka, mansabdorga, qonun ustuvorligiga toʻgʻri keladigan holat emas. Aholi savol bera olishi, oʻzi yashayotgan shaharda nimalar boʻlayotganini bilib turishi, muhokama qilish va oʻz soʻzini aytishga haqli ekanligini nahotki tushunib yetish qiyin boʻlsa? Marosim oxirida emotsional gaplardan — «savobni oshkor qilish kerak ekanini tushundim», degan gapdan koʻra «biz tushundik, jamoatchilikni eshitish va hisoblashish kerak ekan», degan gapni kutgandim. Chunki shahar hammaniki. Siz, men, u, anavilar har bir qadamni bilishi, hisobdorlik va oʻz fikri inobatga olinishini talab qilishga haqli», — deya qoʻshimcha qiladi u.

Platformauz kanali esa yomonlik qidirilsa chiqib kelaverishini aytdi. «Aslida Ortiqxoʻjayev toʻgʻri aytdi, bu maydonning qurilgani 30 yildan oshdi. Atrofi, ayniqsa yerga yotqizilgan plitkalar juda toʻkilib ketgandi. Shuni zamonaviy qilib taʼmirlasa, monumentga teginmasa (mayli, u ham sanʼat namunasi sifatida nomoddiy boylikka kiradi) nimasi yomon?», — deb yozadi u.

«Oʻylashimcha» kanali Jahongir Ortiqxoʻjayevga shu paytgacha yaxshi matbuot kotibi, yaxshi imidjmeyker, yaxshi PR-menedjer yetishmaganini aytdi.

«Jahongir Ortiqxoʻjayev farzandlari bilan qasam ichib, davlatning bir tiyin puliga xiyonat qilmaganini aytdi. Juda jiddiy qasam. Shunday qasam ichadigan boshqa hokim, vazirlar bormi? «Halollik vaksinasi»ning taʼsirini shu shaklda bilib olish mumkin. Endi u biznesmen odam, puli bor-da, deya bahona qidirishsa kerak», — deya qoʻshimcha qiladi u.