Hayit namozlariga chiqishning odoblari qanday?

JAVOB: Hayit namozlariga chiqishda va namoz oʻqishda oʻziga xos odoblar bor. Ular asosan quyidagichadir:

1).Agar Ramazonning hayiti boʻlsa, unda namozga chiqishdan avval biror narsa, shirinliklar yeb olinadi. Chunki, Imom Buxoriy hazratlari Anas raziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida zikr qilinishicha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayitiga xurmo yeb chiqar ekanlar. Ularni toqdan yer ekanlar. Imom Termiziy va Ibn Mojjalar ham shu tariqa rivoyat qilganlar.

2).Agar Qurbon hayiti boʻlsa, hech narsa yemay chiqiladi va hayit oʻqib kelgandan soʻng qurbonligidan yeydi. Zotan, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ana shunday yoʻl tutar ekanlar. Buni toʻrtta sunanda va Imom Doraqutniy hamda Imom Hokimlar rivoyatida koʻrish mumkin. Baʼzilarga oʻxshab hayit tongi otmasdan saharlik qilib, hech narsa yemasdan hayitga chiqishga harakat qilish shart emas.

3).Hayit namozlariga borishda misvok qilib va alohida gʻusl qilib olish kerak. Misvokning barcha namozlar oldidan qilinishi sunnat ekanligi mashhur. Gʻusl qilish borasida esa Paygʻambarimiz hayit namozlariga alohida gʻusl qilishlari rivoyat qilingan. (Ibn Mojja rivoyati).

4).Chiroyli, yangi, yuvilgan kiyimlarini kiyish ham mustahabdir. Ibn Mojja rivoyat qilgan hadisda, Ibn Abbos raziyallohu anhu eslashicha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ikki hayitda ham yoʻl-yoʻl chopon (burda)larini kiyib chiqqanlar. Boshqa muhaddislar ham buni alohida zikr qilgan. Ibn Umar raziyallohu anhuga esa Paygʻambarimiz: “Hayit uchun chiroyli kiyim sotib olgin!”, deb buyurganlar.

5).Fitr sadaqasini ado qiladi. Ramazon hayitiga chiqishidan avval, agar fitra sadaqasini bermagan boʻlsa, ularni ado qiladi. Chunki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam odamlar namozga chiqishidan avval fitr zakotini ado qilishni buyurganlar. Holbuki, oʻzlari bir-ikki kun avval uni ado qilgan boʻlardilar. Buni Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilishgan.

6).Yoʻlda takbir aytib boradi. Imom Doraqutniy rivoyat qilishicha, sahobiylardan Ibn Umar raziyallohu anhuning odatlari xuddi shunday boʻlgan. Oshkora takbir aytishning zarari yoʻq. Ayniqsa, qurbonlik hayitida oshkora takbir aytish oʻrinli. Baʼzi zaif isnodli hadisi shariflarda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlari ham shunday boʻlgan. Bu narsa roʻza hayitida ham, qurbonlik hayitida ham joizdir. Mazhabimizda qurbon hayitiga borishda takbir aytib borish koʻproq taʼkidlangan.

7).Hayitga borishda boshqa yoʻldan, qaytishda esa boshqa yoʻldan kelishga harakat qilish. Chunki, Imom Buxoriy rivoyat qilishiga qaraganda, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlari shunday boʻlgan. Buni Abu Dovud va Ibn Mojjalar Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. Zotan, boshqa-boshqa yoʻllardan yurishda, savobning qadamlar hisobiga koʻpayishi, musulmonlarni koʻrib-soʻrashish, hayitga chiqqaniga guvohlarning koʻpayishi hollari yuz beradi. Shuningdek, piyoda borish ham hayit odoblaridandir. Imom Ahmad va Imom Buxoriylar Hazrati Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qilishlaricha, “Hayitga piyoda chiqishlik sunnatdandir”.

8).Namoz oʻqiladigan joyda nafl oʻqimaslik kerak. Chunki, Buxoriy va Muslimlar Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayit namozlariga chiqqanlarida namozdan avval ham, keyin ham namoz oʻqimasdilar. Ibn Mojja rivoyatida esa ul zoti sharif uylariga kelganlaridan soʻng ikki rakʼat namoz oʻqib olar ekanlar.

9).Qurbon hayiti kuni hayit namoz oʻqilgandan soʻng qurbonligini qilish. Qurbonlik vojib amal boʻlib, uni hayit kunidan soʻng ikki kun ham bajarish mumkin. Lekin hayit kuni qilish afzal. Shuningdek, eʼtibor beradigan narsa: Ramazon hayiti kuni ham qurbonlik soʻyishning savobi yetti yuz barobar boʻlishi aytilgan. (“Ramazon va taqvo”). Bunga ahamiyat berishimiz kerak!

10).Qurbon hayitini imomlarimiz tezroq, ertaroq oʻqib berishlari, Ramazon hayitini esa kechiktiribroq oʻqishlari mustahabdir. Zotan, Imom Shofiʼiy rivoyat qilishicha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Hazm raziyallohu anhuga shunday deb maktub yozdirib yuborgan ekanlar. Bu qurbonlikka shoshishilish, ulgurish uchun ham foydalidir.

Mazhabimizning ulamolari yana baʼzi mustahab va mandub amallarini zikr qilganlar. Ular bu xildagi ishlarni sahobai kiromlar va tobiʼini izomlarning odatlaridan olishgan. Chunonchi, fiqhiy asarlarda faqihlarimiz bomdod namozini har kim oʻz mahallasining masjidida oʻqib, keyin jomiʼga borishi; atirlar ishlatib, xushboʻylanib borish; iloji boʻlsa, piyoda borish; iloji boʻlsa, uzuk taqib olish; bir-birovni hayit bilan muborakbod etish; uyidagi butun bolalari, qoʻni-qoʻshnilar, yoru birodarlar bilan jamʼlanib borish kabi ishlarni qilishga targʻib qilganlar.

Qurbon hayiti arafasida bir joyga toʻplanish makruhdir. Bu faqat Arafot maydonida turgan hojilarga farz qilingan. Ularga oʻxshab toʻplanish ortiqcha harakat boʻlgani uchun bidʼat, deyilgan.