Qaynona o‘z kelinini pichoqlab o‘ldirib qo‘ydi

Ijtimoiy tarmoqlarda qaynona kelinini o‘ldirganligi haqida xabarlar tarqalgan.

Aniqlanishicha, 5 may kuni soat tahminan 10.00 larda Toshkent tumani, Chinor 7-tor ko‘chasida yashovchi ayol (1955 y.t.) kelini (1985 y.t., 3 nafar farzandi bor) bilan o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli janjallashgan.

Janjal davomida ayol oshxona pichog‘i bilan kelinining chap ko‘krak qismiga bir marotaba zarba bergan, deya ma’lum qilgan Bosh prokuratura.

Olgan tan jarohati tufayli jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan.

Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy muolajalarga qaramasdan 9 may kuni kelin shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayblanuvchi ayolga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Toshkent tumani IIB TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.