Surxondaryoda «prava» olib berish uchun 2 mln so‘m olgan shaxs ushlandi

Surxondaryoda «prava» olib berish uchun 2 mln so‘m olgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro I.R. ariza bilan murojaat qilib, Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Vatanparvar» avtomaktabida o‘qigani, ammo hozirgacha haydovchilik guvohnomasi olmaganini aytgan.

O‘zining tanishi M. ismli fuqaro esa unga yordam berishini, 2 million so‘m bersa, X. ismli tanishi orqali imtihon natijalaridan qat’i nazar haydovchilik guvohnomasini olib berishini bildirgan.

Arizaga asosan, 25 aprel kuni Surxondaryo viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.M. Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan Shivaki savdo do‘koni oldida ariza muallifi I.R.dan talab qilingan 2 million so‘m kimyoviy ishlov berilgan pullarni sanab olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.

Holat yuzasidan X.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.