Jizzaxda aliment qarzdroligini undirishga borgan MIB xodimi pichoqlandi

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida sud ijro hujjatiga asosan aliment pulini undirish uchun borgan majburiy ijro byurosi ijrochisi pichoqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi MIBning tuman boʻlimi ijrochisi Kaltatoy qishlogʻida yashovchi fuqarodan shu qishloqda istiqomat qiluvchi sobiq turmush oʻrtogʻining bir nafar voyaga yetmagan farzandi foydasiga 15 million soʻm aliment pullarini undirish toʻgʻrisidagi fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻallaorol tuman sudi ijro hujjatiga asosan ikki nafar hamkasbi bilan borgan.

Xonadon sohibi mast holatda aliment pullarini bermaslik maqsadida janjal koʻtarib, qoʻlida boʻlgan oshxona pichogʻi bilan xizmat vazifasini bajarayotgan majburiy ijro byurosi xodimining tanasiga bir necha marotaba urib, jarohat yetkazgan.

Oqibatda jabrlanuvchi “qorin boʻshligʻining chap va pastki qismi, koʻkrak qafasining chap biqin sohasi hamda chap yelka sohalariga sanchilib kirgan jarohati” tashxisi bilan tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch boʻlimiga yotqizilgan. Koʻrsatilgan tibbiy muolajalar natijasida uning hayoti saqlab qolingan.