Xotira pasayishi qachon muammo darajasiga chiqadi?

Xotira pasayishi qachon muammo darajasiga chiqadi? Bu holatni kechiktirishning yoki oldini olishning yo‘llari bormi? Xotirani kuchaytirish uchun nimalar qilish mumkin?

AQSHdagi Jorj Vashington Universiteti Tib fakultetida nevrolog Professor Richard Restak, xotira susayishiga sabab ko‘pincha diqqatni jamlamaslikdir, deydi.

“Masalan, biror bazmga bordingiz deylik. Haligacha ish bilan bog‘liq mavzuni o‘ylayapsiz, sizga gapirayotgan kishini esa tinglamayapsiz. Keyinchalik o‘sha odamning ismini eslolmayotganingizni bilasiz. Agar avval ma’lumotni xotiraga saqlagan bo‘lsangiz, uni albatta eslashingiz kerak. Lekin birinchi bosqichda u xotiraga joylanmagan bo‘lsa, aslida ma’lumotning o‘zi yo‘q bo‘ladi”.

Miya va xatti-harakatlar borasida bir qancha konferensiyalar o‘tkazgan va inson miyasi haqida 20 dan ortiq kitoblar muallifi Richard Restak, so‘ngi yozgan kitobida AQSH da 50 yosh atrofidagi insonlar alsgeymerga chalinishdan qo‘rqib yashashlarini ta’kidlaydi. 55 yosh atrofidagi kishilar esa ko‘pincha shifokorga vaqtincha xotirani yo‘qotish muammosi bilan murojaat qilishini aniqladi. Proyefessor bu holatlar aslida tashvishga soladigan darajada qo‘rqinchli emasligini aytadi.

Lekin, agar uyning kalitini topolmasangiz va u muzlatkich ichidan chiqsa, bu holat xotira sustligidan ko‘ra jiddiyroq masala bo‘ladi, deydi u.

Restak, xotira turli kishilarda harxil bo‘lishini, ba’zi odamlar doimiy parishonxotir holda yurishlarini ta’kidladi.
U yana aytadiki, “Agar siz biror sport turida zo‘r o‘yinchi bo‘lsangizu to‘satdan o‘ynay olmay qolsangiz bu holat tahlil qilinishi kerak bo‘lgan jiddiy masala hisoblanadi”.

Agar e’tiborsiz qoldirilsa, xotira 30 yoshdan boshlab susayishni boshlashini ta’kidlagan Restak, buning oldini olish uchun muntazam xotirani mashq qildirib borish zarurligini aytadi.
Xotirani mustahkamlash usullaridan biri eslab qolishni istagan narsalaringiz uchun jonli ko‘rgazmalar yaratishdir. Ya’ni, bunda biror narsani eslab qolmoqchi bo‘lsangiz o‘sha ma’lumotni biror jihoz yoki buyum bilan bog‘lab eslab qolish.

Shuningdek, alsgeymerning oldini olish uchun chekish hamda spirtli ichimliklardan voz kechish zarur. Sababi spirtli ichimliklar hujayralar uchun katta ziyon keltiradigan omillardan hisoblanadi.

Xotirani mustahkamlash alsgeymerning butunlay oldini oladi deb aytolmayman. Lekin men bu holatni mashina boshqarishga o‘xshataman. Baxtsiz hodisaga uchramasligingiz aniq emas. Lekin undan himoyalanish uchun xavfsizlik kamarini taqib olishingiz va tezlikni me’yorda oshirishingiz mumkin. Bu bilan xavfni kamaytirgan bo‘lasiz, deydi Restak.