Bahodir Yusupaliyev Oʻzbekistonda lokdaun eʼlon qilinish ehtimoli haqida gapirdi

Markaziy saylov komissiyasida bugun boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi Bahodir Yusupaliyev Oʻzbekistonda lokdaun eʼlon qilinish ehtimoli haqida fikr bildirdi. 

— Bugungi kunda hech qanaqa lokdaun haqida gap boʻlishi mumkin emas va barcha harakatlar shunga qaratilgan. Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasida kasallanish holatlari koʻtarilgani yurtimizda ham kasallanish darajasi oshishi ehtimolini paydo qiladi. Lekin bizning chegaralarda nazorat har qachongidan ham kuchaytirilgan boʻlib, yurtimizga 72 soatlik PZR testi topshirilgan holdagina chetdan kirish mumkin. Bordiyu, fuqarolarda test boʻlmaganda, chegarada ekspress-test topshiriladi.

Lokdaun holatining oldini olishning yana bir yoʻli jamoaviy immunitetni shakllantirishdir. Buning eng samarali usuli ommaviy emlashdir. Agar biz aholining kamida 60 foizini emlay olsak, jamoaviy immunitetni shakllantirgan boʻlamiz. Shunda bizga hech qanday lokdaun xavf sola olmaydi. Hozirga kelib, emlanishi lozim boʻlgan 21 million nafardan oshiq aholining 13 million nafari birinchi doza vaksinalarini olib ulgurdi, — dedi Bahodir Yusupaliyev.

Eslatib oʻtamiz, ayni kungacha mamlakatimizda jami 24 909 801 doza vaksinadan foydalanildi. yurtimizda emlash jarayonlarida foydalanilayotgan jami vaksina 34 951 358 dozani tashkil qilmoqda.