ALDAGANI MUALLIM YAXSHI!

Xalq taʼlimi vazirligida “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan antikorrupsion haftalik doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Tadbirda Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Temur KOMILOV:
– Hamma oʻqituvchilarning ham oyligi 1000 dollar boʻlmaydi. Faqatgina munosiblariniki ushbu summaga yetkaziladi, – deya taʼkidladi.

Mana, haqiqatni gapirsa boʻlarkanku, dedi 4-5 yildan beri oyligi oshishini sargʻayib kutayotgan “Eshpoʻlat muallim” bu xabarni eshitib. Qulogʻidagi lagʻmonlarni sidirib tashladi-da, velosipedga mingashib, portfelini rulga ildirgancha maktabga ravona boʻldi. Aldagani muallim yaxshi…

Menimcha, taʼlim tizimini, xu­susan, maktabdagi taʼlimni byudjetdan milliardlab pul ajratish orqali yaxshilab boʻlmaydi. Avvalo, qaror qabul qilish mexanizmi va uning ijrosi, nazoratini puxta amalga oshirish lozim. Chunki xalq taʼlimi tizimi har yili eng koʻp mablagʻ ajratiladigan sohalardan biridir. Natija esa har doim ham koʻzga koʻrinmaydi. Qolaversa, va­zirligimiz eng koʻp talon-torojlik boʻladi­gan sohalarda ham yetakchi…

Oʻqituvchining oyligini ming dollar qilmang. Qolaversa, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga ham bu usul mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Oʻqituvchining maoshini ming dollarga oshirsagu, uning oylik sarf-xarajati 3000 dollarga koʻtarilib ket­sa, bundan nima naf? Mazkur qarorni chiqarayotganlar oylik bilan xarajatlar, inflyatsiyaga mutanosibligini qanday taʼminlamoqchi ekan?! Maosh dollarda berilmas har holda.

Bizningcha, ustozlarning oyligini emas, birinchi galda, jamiyatdagi mavqeyini oshirish, yaxshilash kerak. Bu borada dunyo tajribasida oʻrnak olarli jihatlar koʻp. Masalan, Italiyada uchta kasb egalari tirband yoʻlda qolmasli­gi lozim: shifokorlar, oʻt oʻchiruvchilar hamda oʻqituvchilar. Fransiya boylari maqtanish uchun oʻqituvchilar yashay­digan hududdan uy olishga intiladi. Angliyaliklar nutqida: “Bu bola daho, u oʻqituvchidek fikrlaydi!”, qabilidagi ibora mavjud. Yaponiya xalqi soyasini toptamaslik uchun oʻqituvchidan yet­ti qadam ortda yuradi. Germaniyada Angela Merkel oylik kamligidan norozilik bildirayotgan fuqarolarga murojaat qilib:

– Maoshingiz sizni oʻqitgan oʻqituvchilarning ish haqidan yuqori boʻlishini kutmasligingiz kerak, – degan edi…
Oʻqituvchining sochini olayotgan sartarosh soʻrabdi:

– Nega taʼlim tizimimiz borgan sari yomonlashib ketmoqda?
Oʻqituvchi biroz oʻylanib:

– Tasavvur qiling, soch olish uchun moʻljallangan ish qurolingizning qoʻllan­ilishini yozma shaklda isbotlashingiz va tushuntirishingiz kerak, har bir odamning sochini olish boʻyicha kunlik, haftalik, oylik, choraklik, yillik, 3 yillik, 5 yillik is­tiqbolli rejalar tuzasiz. Sochni yuvish tar­tibini, shampun va boshqa soch uchun kosmetik moddalarni izohlab, yozma hisobot tayyorlashingiz soʻraladi. Ha aytgancha, maxsus qarorlarga koʻra, oʻzingiz xohlagandek oʻtkir tigʻli qaychi­dan foydalanish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, oyda ikki-uch mar­ta komissiya keladi. Har bir mijoz bilan “avvalgi va keyingi holat” haqida selfi qilib, hisobotga qoʻshasiz va bu haqiqat ekanligini ogʻzaki suhbatda oʻzingiz yoki sartaroshxona rahbari bilan birga isbot­lashingiz lozim. Baʼzida mijozlaringizning uyiga borib, sochlari yaxshi oʻsayotgani­ni, muammolari yoʻqligini, hech qan­day psixologik yordam kerakmasligini soʻrashingiz kerak. Bu sharoitda unumli ishlay olasizmi?, – degan ekan.

Haqiqatan ham, prezident taʼbiri bilan aytganda: “Nimaga ota-ona repetitor topib, bolasini oliy taʼlimga kirityap­tiyu, davlat bu sohaga qancha pul ajratmasin, maktab bitiruvchilarining 50 foizi ham oliy taʼlimga kirolmayapti?” Ayonki, maktablarda oʻqitiladigan bilim bilan universitetga kirish deyarli imkonsiz. Natijada, ota-ona repetitorga ortiqcha pul sarflaydi. Maktab pulini soliqlar orqa­li toʻlab qoʻygan boʻlsa ham! Oʻquvchi vaqtini repetitorda oʻtkazadi. Xoʻsh, maktabning vazifasi faqat oʻquvchini binoda ushlab turishdan iboratmi? Qiziq, maktab yetarli bilim bermayaptimi yoki DTM umuman boshqa narsadan imtihon olyaptimi?

Нуриддин Зиё Тўрақулов, [09.12.2021 12:08]
Tan olish kerak: taʼlim tizimi deyarli ta­labga javob bermayapti. Oʻqituvchini oʻz ustida ishlab, tayyorlanib, koʻngildagidek dars oʻtishiga qoʻyishmaydi. “Shoʻring qurgʻur” keraksiz majlisbozligu hujjatbozlikdan ortmaydi…

Kamiga, sinf rahbarligi ham bor. Olmasang – majburlashadi. U sinf rahbarligi ishi, ustama papkalari, tanlovlar, tadbir­lar, majlislardan ortib, qachon xayolini bir joy­ga yigʻib, dars oʻtadi? Ogʻir ish grafigi tufayli yuzaga kelgan negativ, stress kayfiyat oʻquvchilarga ham taʼsir etmas­ligiga kim kafolat beradi?

Maktabga keladigan komissiya uchun hujjat toʻgʻrilanadi. Hech kim bola haqi­da, uning oʻqishi, qiziqishlari, kelajagi, taʼlim sifati, qay yoʻl bilan oʻquvchining fikrlashi, dunyoqarashini oʻzgartirish mumkinligi haqida deyarli gapirmaydi. Oʻqish boshqa, uqish boshqa. Qachon farzandlarimizga fikrni emas, fikrlashni oʻrgatamiz a?

Biroz vaqt oldin yuqori minbarlar­dan: “Oʻqituvchining obroʻsi shun­day boʻladiki, hatto vazir unga havas qiladi”, – deyilgandi. Lekin, hali ham muallimlarga koʻplar bepisandlik bilan qaraydi. Toʻgʻri, ahvol ancha yaxshilandi. Bir necha yil oldin, oʻqituvchilar majburiy mehnatning eng oldi “jangchilari” edi. Kuz mavsumida ish kunlari dars oʻtib, dam olish kunlari paxtaga chiqishardi. Bu holatlar ancha barham topdi, baribir ogʻriqli nuqtalarimiz bisyor.

Yaqinda ijtimoiy tar­moqlarda bir voqeaga koʻzim tushdi:
“Yaponiyalik hamkasbim Yama­motadan soʻradim:

– Sizlarda oʻqituvchilar kuni qachon?

Biroz hayron qolgan Yamamota javob berdi:

– Bizda hech qanday oʻqituvchilar bayrami yoʻq.

Ishongim kelmadi. Nahotki iqtisodiyot, fan, taʼlim, texnika shu qadar taraqqiy etgan mamlakatda oʻqituvchilarning qadri boʻlmasa?

Yamamota meni mehmonga taklif qildi. Uyi biroz uzoq boʻlgani uchun metroga tushdik. Jamoat transporti liq toʻla – zoʻrgʻa ketyapmiz. Shu payt bir kishi oʻrnidan turib, ikkimizga joy berdi.

– Boʻynimizdagi yorliqdan oʻqituvchiligimizni payqadi va bu kasbga hur­mati yuzasidan bizga joy berdi, – dedi u faxrlanib.
Lol qoldim. Uning uyiga birinchi marta borayotganim uchun, biror sovgʻa olmoqchiligimni aytdim. Doʻkondan chiqishda, sotuvchi bizga imtiyoz borligini aytdi.

– Yaponiyada oʻqituvchi – eng obroʻli kasb egasi, eng hurmatli shaxs. Yaponi­yalik tadbirkorlar doʻkoniga oʻqituvchi kirsa, bu bilan faxrlanishadi!”

Mana oʻqituvchilarning hurmat-izzati! Jamoat transportida alohida oʻrindiq, ular uchun imtiyozli doʻkonlar, jamiyatda­gi yuksak obroʻ-eʼtibor, transport chipta­lari uchun navbatda turmaslik… bundan ortiq nima kerak?! Oʻqituvchilar uchun bayramning keragi ham yoʻq, ularga har kuni bayram ekan!

Yuqoridagi masalaga qaytsak. Bola nega repetitorga boradi? Chunki mak­tabdan oʻzi istagan bilimni ololmaydi. Repetitorlarning esa oʻqituvchilardek bosh ogʻriqlari yoʻq. U komissiya, tad­bir, majlis, hujjatlarga vaqt sarflamaydi. Oʻquvchisi kelmasa, uyiga borib, hisobot toʻldirmaydi, prokuraturama-prokuratura yugurmaydi. Darsini sifatli oʻtsa boʻlgani. Maktabdagi oʻqituvchilarga ham shun­day sharoit yaratib, maoshini oshirsak, natija boʻlmaydi, deysizmi?

Qachon masalaga chuqurroq yon­dashib, konkret yechimlar ishlab chiqishni oʻrganamiz, yoʻgʻe, oʻrganasizlar, hur­matli amaldorlar?

Abdulaziz AHMEDOV