Xalqaro sud Rossiyaga nisbatan tergov boshlaydi

Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) bosh prokurori Karim Xon Ukraina hududidagi huquqbuzarliklarni tergov qilishni «imkon qadar tezroq» boshlash haqidagi qarorini e’lon qildi. Bu haqda sudning veb-saytida xabar berildi.

Xonning aytishicha, u mavjud ma’lumotlarni ko‘rib chiqqan va «tergov boshlash uchun zarur sabablar borligini tasdiqlagan».

«Ukrainada 2013 yil oxiridan beri harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan, deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud. Men o‘z jamoamga dalillarni to‘plash va saqlash imkoniyatlarini o‘rganishni buyurdim. Keyingi qadam tergovni boshlash uchun sudning dastlabki tergov palatasidan ruxsat so‘rash bo‘ladi», — deydi Xon.

XJS BMT tuzilmalariga kirmaydi, u 1998 yilda imzolangan Rim statutiga muvofiq tashkil etilgan. Sud davlatlarni emas, balki shaxslarni sud qilish, harbiy, insoniylikka qarshi jinoyatlar uchun esa javobgarlikka tortish vakolatiga ega.

Ukraina va Rossiya 2000 yilda Rim statutini imzolagan, ammo hujjatni ratifikasiya qilmagan. Biroq Ukraina rasmiylari XJSdan Ukraina sharqida va Qrimda sodir etilgani aytilayotgan jinoyatlar bo‘yicha sud yurisdiksiyasini tan olish to‘g‘risida alohida arizalar bilan ish qo‘zg‘atishni so‘ragan. 2020 yil oxirida XJS Donbassdagi vaziyat bo‘yicha dastlabki tergov tugagani haqida xabar bergan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2016 yilning noyabrida mamlakat XJSga a’zo bo‘lmasligi haqidagi farmonni imzolagan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu qarorni «milliy manfaatlar» bilan izohlagan. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, Gaaga sudi «unga bildirilgan umidlarni oqlamagani va xalqaro adolatning haqiqiy mustaqil, nufuzli organiga aylanmaganini» ta’kidlagan.