Shu yilning 26 aprelida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani sudi tomonidan 44 yashar Azim Berdiyev O‘zbekiston Respublikasi JKning jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar tarqatish aybi bilan 5 yilga qamaldi.
Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi bu yigitning telefon apparatidan diniy mazmundagi bir qancha video va audio materiallar topilgan. Xususan, taniqli ulamo Mubashshir Ahmadning “Abrorjon, ukam, sizni diniy ta’limga muxolif ekaningizni bilamiz”, yana bir boshqa muallifning “Sodiq Samarqandiy aslida kim, qayerda ilm olgan…”, qirg‘izistonlik ulamo Chubak hojining “Bolalarni masjiddan haydamang”, “O‘zbekistonda haqni gapiruvchi imom chiqdi” singari bir necha video materiallar chiqqan.
Azim bu materiallarni telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali avval xotiniga, so‘ng qarindoshlar va hamqishloqlarga yo‘llagan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ekspertiza markazi mazkur materiallarni jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi diniy-ekstremistik adabiyot sifatida baholagan va shuning uchun oilasining yolg‘iz boquvchisi bo‘lgan yigit panjara ortiga ketdi.
Gʻaroyib zamonlarga yetdik. Mubashshir domla davlat va jamoatchilik uchun muhim sanalgan taniqli ulamolarimizdan. U kishining diniy ta’lim, ekstremizmga qarshi kurash va ma’rifat yo‘lidagi faoliyatidan xabardormiz. Chubak hoji qo‘shni Qirg‘iziston muftiysi bo‘lgan, koronavirus oramizdan olib ketgan dilbar shaxs edi. Sodiq Samarqandiyni yaqinda taniqli jurnalist akamiz Karimberdi To‘ramurodning u kishi bilan intervyusidan so‘ng yana ham ko‘proq tanidik. Qolaversa, Karimberdi akaning intervyu va domlani ziyorat qilganlaridan beri ishlari yurishib ketdi, kitoblari taqdimot qilinmoqda.
Karimov zamonida O‘zbekiston Musulmonlari idorasining rasmiy vakili bo‘lgan Fozil qorining disklari, ko‘chada sotilgan kitoblari uyidan topilgan shaxslarning qamalganidan xabarim bor. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, stolbani ham qamaydigan zamonlar edi. Endi-chi? Bu o‘sha faoliyatga o‘rganib qolgan huquqni muhofaza qilish organlarining shaxsiy tashabbusimi yoki bu yerda biz bilmagan sinoatlar bormi?
Sud jinoyat ishi materiallaridan prezidentlar I. Karimov va Sh. Mirziyoyev shaxsi haqoratlangan materiallar mualliflar Azim Berdiyev emasligini inobatga olib, 158-moddani ayblovdan chiqaribdi. Aksincha, Azim yana ham uzoqroq muddatga ketishi mumkin edi. Xullas, osmon olis, yer qattiq, nima qilish mumkin? Kimga dodingni aytasan?
Muhtaram domlalarimizni Azimning himoyasiga chaqiraman. Adolat qirq yillik ibodatdan afzal ekan, imkoniyatni boy bermaylik!..