JSST ekspertlari insoniyat salomatligi va hayotiga tahdid solayotgan yana bir global xatar hamda uning asoratlari haqida ma’lumot berdi.
Tahlillarga ko‘ra, atmosfera havosining ifloslanishi yiliga dunyo bo‘yicha 6 million 700 ming kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda. Bu raqam 2015 yilda e’lon qilingan ko‘rsatkichlardan birmuncha yuqori.
Xavotirli jihati, kelgusida vaziyat yanada yomonlashishi mumkin. Ifloslangan havodan nafas olish aholi o‘rtasida xavfli kasalliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Jumladan, xuddi shu omil tufayli zaharli moddalar o‘pka orqali qon aylanish tizimiga kirib, yurak-qon tomir xastaliklarini keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, nafas yo‘llarida jiddiy muammolar yuzaga keladi.
Kul zarralari va chang konsentrasiyasi ortishidan allergiyaga moyil bemorlar ham aziyat chekadi. O‘z navbatida, bronxial astma, demans va boshqa ko‘plab surunkali kasalliklar rivojlanishi xavfi paydo bo‘ladi.
Mazkur global muammodan ayniqsa, o‘rta va past daromadli mamlakatlar aholisi eng ko‘p zarar ko‘rishi taxmin qilinyapti.