Adliya vazirligi tomonidan Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Tadbirkorlik kodeksi loyihasi bilan quyidagilar nazarda tutilmoqda:
– Kodeks loyihasi bilan yaxlit 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihalari va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari birlashtirilib tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdan boshlab uni tugatishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni tartibga solishga qaratilgan;
– ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga asosan, tadbirkorlik sub’yektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda;
– tadbirkorlik sub’yektlarining tashkiliy-huquqiy shakllari bazasi ixchamlashtirilib, tadbirkorlar ichida ommabop bo‘lmagan “xo‘jalik shirkati” tashkiliy-huquqiy shakli bekor qilinmoqda;
– yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda;
– tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda;
– 43 ta davlat organining 146 ta nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 18 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari mazkur Kodeksga ilova sifatida tasdiqlanmoqda. Bunda ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda;
– davlat nazoratining 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat ma’lumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi belgilanmoqda. Bunda:
• moliyaviy sanksiyalar sud tomonidan qo‘llaniladi (bundan soliqqa tortish va bank sohalaridagi sanksiyalar mustasno);
• bir xil turdagi huquqbuzarlik uchun tadbirkorlik sub’yektiga moliyaviy sanksiya va uning mansabdor shaxsiga ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan hollarda, faqat moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi;
• birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik sub’yektlari ushbu qonunbuzilishni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajargan, shuningdek, yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi;
– barcha talablarni o‘z ichiga olgan Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri hamda tadbirkorlik sub’yektlari uchun imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish va oshkor etish nazarda tutilmoqda. Bunda Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablar bo‘yicha javobgarlik belgilash taqiqlanmoqda;
– qo‘shimcha majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga qabul qilingandan keyin bir yil davomida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taqiqlanadi (yengillashtiruvchi normalardan tashqari);
– tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat subsidiyalarini joriy etishning quyidagi tartibi belgilanmoqda:
• subsidiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan joriy etiladi, tartib-taomillari – Hukumat tomonidan belgilanadi;
• subsidiyalarning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi va ular “yagona darcha” prinsipi asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi;
– Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot bankining takliflari va xalqaro standartlarga (IWA 34:2021 – Women’s entrepreneurship) muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi (alohida dasturlar asosida) joriy etilmoqda;
– ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari ro‘yxati va ularni, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mexanizmlari belgilanmoqda;
biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanmoqda;
davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda.
Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq holda bo‘lgan qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qiladi.
Kodeks loyihasini ishlab chiqishda mazkur sohada ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan xorijiy davlatlarning (AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Estoniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Ozarbayjon va boshqalar) amaliyoti o‘rganilgan.
Tadbirkorlik kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan