Andijonda suv ta’minoti xodimi qarzdor tomonidan kaltaklandi

Andijon viloyati Izboskan tumanida 23 may kuni suv ta’minoti idorasi xodimi qarzdor iste’molchilar tomonidan kaltaklandi. Bu haqda «Andijon suv ta’minoti» axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, jamiyating Izboskan tumani filiali xodimi A.S. yuzaga kelgan qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida manzillarda faoliyat olib borishga jalb etilgan. Jarayon davomida u filial huquqshunosi tomonidan qarzdor iste’molchilarga talabnomalarni tarqatish bilan shug‘ullangan.

Jumladan, Yangi avlod mahallasining Oqshom ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Q. A.ga ham foydalanilgan toza ichimlik suvidan 625 ming so‘m miqdorida qarzdor ekanini ogohlantiruvchi talabnoma yetkazib berilgan. Bunga javoban fuqaro jamiyatning vakolatli xodimini kaltaklagan.

«Bizga mana shuncha qarzdorlikni sen chiqargansan, deb meni temir kalit bilan solib o‘tiribdida. Onasi supurgi bilan, o‘g‘li mashina klyuchi bilan urib, menga tan jarohati yetkazdi. Orada burnim sinib, 3-4 kun bolnitsada yotib chiqdim», — deydi xodim.

Holat yuzasidan Izboskan tumani huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.