Ijtimoiy tarmoqlarda Surxandaryo viloyati Sho‘rchi tumani Joyilma MFYda 1993 yildan beri yashab kelayotgan fuqaro Ibragimov Abdug‘ani xonadoni va g‘isht zavodini buzib tashlagandan keyin janjal bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. MIB Ogoh.uz’ga holat yuzasidan rasmiy ma’lumot taqdim etdi.
«Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali “Sho‘rchi tumani Joyilma mahallasidagi fuqaroning yashash honadoni va g‘isht zavodi buzib tashlandi” deya bayon qilingan xabar o‘rganildi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudining joriy yil 2 fevral kunidagi sud qaroriga asosan javobgarlar B.I., J.N., I.N., Gʻ.O. va G.I. larni Oltinsoy tumani Gulchechak mahallasida joylashgan 174-A-uy bo‘lgan noturar joy (parrandachilik fermasi) binosining yer maydoni qurilgan g‘isht zavodi, yashash uyi, molxona va boshqa qurilmalarni qarzdorlar hisobidan buzish hamda uy-joydan chiqarish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Byuroning Oltinsoy tuman bo‘limi tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan va javobgarlarga bir necha bor sud qarori tushuntirilib, ogohlantirilgan.
Biroq javobgarlar sud qarori talablarini bajarmasdan o‘z ixtiyorlari bilan qurilmalarni buzmagan.
Shundan so‘ng Byuroning tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilgan va 2022 yilning 08 iyun kuni majburiy ijro tayinlanib, tegishli tashkilotlar ishtirokida majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgan.
Majburiy ijro harakatlari davomida javobgarlar tomonidan qarshiliklar ko‘rsatilganligi bois ichki ishlar xodimlari tomonidan ishtirokchilarning xavfsizligi ta’minlangan.
Hozirda, majburiy ijro harakatlari keyingi davrda amalga oshirish uchun qoldirilgan.
Holat natijalari haqida qo‘shimcha ma’lum qilinadi, deyiladi MIB bizga bergan xabarida.