Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini kasb-hunarga oʻqitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazgani haqida xabar bergan edik. Unda mutasaddilarga professional taʼlim pedagog va ustalari uchun munosib sharoit qilib berish, ularning kasbiy mahoratini oshirib boradigan tizim yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
«Ochiq aytish kerak, 2 million soʻm oylik olayotgan texnikum yoki kasb-hunar maktabi muallimlaridan kamida 5 million soʻm ish haqi oladigan mutaxassislar tayyorlab berishni talab qilayapmiz», dedi Prezident.
Shu bois, kelgusi yil 1 yanvardan:
- professional taʼlimdagi pedagog va ustalar oyligi oʻrta maktab oʻqituvchilariga tenglashtiriladi;
- oʻqituvchilar malaka toifasi uchun toʻlanadigan ustama oʻrtasidagi farq 2 barobarga oshiriladi;
- erishgan natijasiga qarab, fidoyi va tashabbuskor pedagog kadrlarning oyligiga 50 foizgacha ustama toʻlash joriy etiladi.
Kelgusi yilda buning uchun byudjetdan qoʻshimcha 150 milliard soʻm ajratiladi.
Shu bilan birga, professional taʼlim muassasalari pedagoglari malakasini oshirishda yangi tizim yaratiladi.
Universitetlar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari oʻrniga har bir viloyatda Professional tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi.