Bugun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi muhokama qilindi.
Muhokamada adliya vaziri R.Davletov so‘zga chiqib, qonun loyihasi bo‘yicha kiritilayotgan muhim o‘zgartirishlar haqida ma’lumot berdi.
Jumladan, loyiha bilan Oila kodeksining 13, 17va 212-moddalariga quyidagi o‘zgartishlar kiritilmoqda:
1) nikohni qayd etishning bir oylik muddati va uni qisqartirish uchun asos bo‘luvchi holatlar bekor qilinmoqda;
2) nikohni nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganlaridan so‘ng rasmiylashtirish tartibi belgilanmoqda.
Loyihani ishlab chiqishda, ilg‘or xorijiy davlatlar, jumladan musulmon davlatlarning tajribalari ham o‘rganildi.
Qonun loyihasi qabul qilingandan so‘ng, nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganlaridan so‘ng 1 oylik muddatni kutmasdan istalgan vaqtda nikohdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Loyihaning qabul qilinishi, nikohni o‘z vaqtida rasmiylashtirish, FHDYO va sog‘liqni saqlash organlarida ortiqcha qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish, otalik belgilash va shar’iy nikoh asosida yashash holatlarini kamaytirish imkonini beradi.
Mazkur Qonun loyihasi Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullanib, Prezident tomonidan imzolangandan so‘ng kuchga kiradi.