Hukumat qarori (341-son, 21.06.2022 y.) bilan nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi
Reglamentga ko‘ra, nogiron yoshlarga nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunar, dasturlash, umumta’lim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha (15 mln so‘mgacha) subsidiya ajratiladi.
Subsidiya olish uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinadi yoki YAIDXP orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
o‘qish xarajatlari uchun subsidiya olishda:
➖ariza bolaning qonuniy vakili tomonidan berilsa, uning shaxsiy identifikasiya raqami va bolaning qonuniy vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
➖nodavlat ta’lim tashkiloti tomonidan ariza beruvchini o‘qitish to‘g‘risida shartnomaning elektron nusxasi;
yashash va transport xarajatlari uchun subsidiya olishda:
➖yo‘l xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron nusxalari;
➖ijara shartnomasi va uning soliq organlarida hisobga qo‘yilganligi haqidagi bildirishnomaning elektron nusxasi.
Davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi.
Ariza 3 ish kunida ko‘rib chiqilib:
subsidiya ajratish haqida elektron tizimga ma’lumot kiritiladi va bu haqida ariza beruvchiga SMS-xabarnoma yuboriladi;
nodavlat ta’lim tashkiloti joylashgan hududdagi mahallaning yoshlar yetakchisi zimmasiga ariza beruvchining nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qishini joyiga chiqqan holda monitoring qilish vazifasi yuklatiladi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida ariza beruvchilarga oid ma’lumotlar sir saqlanadi.
Hukumat qarori bilan shuningdek, Nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratishning ma’muriy reglamenti ham tasdiqlandi.