Bir nechta sug‘urta tashkilotlariga jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil I chorak yakuni bo‘yicha sug‘urta tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan hisobotlarni o‘rganish natijasiga ko‘ra 18 ta sug‘urta tashkiloti hisobotlarni belgilangan muddatda va barcha me’yoriy talablar doirasida taqdim etganligi ma’lum bo‘lgan.
Boshqa sug‘urta tashkilotlari tomonidan me’yoriy talablarga amal qilinishida turli darajadagi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Moliyaviy hisobotlarni monitoring qilish natijalariga ko‘ra, ajratilgan aktivlar tarkibida likvid aktivlarning yetarli darajada shakllantirilmaganligi, barqarorlashtirish zaxiralarini belgilangan talablar doirasida hisob-kitob qilinmaganligi, bog‘liq shaxslarning ustav kapitallarida ishtirok etish me’yorlari buzilganligi, hisobotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganligi va boshqa shunga o‘xshash qonun buzilish holatlari bo‘yicha 13 ta sug‘urta tashkilotiga nisbatan jami 238 mln. so‘m miqdorida jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Hisobot davri yakuni bo‘yicha 1 ta sug‘urta tashkilotining to‘lov qobiliyatini belgilangan talab darajasiga yetkazish maqsadida sug‘urtalovchiga 15 mlrd. so‘m miqdorida qo‘shimcha kapital kiritish majburiyati yuklandi.