“Yashil yillik” umummilliy tadbiri ko‘zbo‘yamachilikka aylanib ketgani aniqlandi

“Yashil yillik” umummilliy tadbiri loyihasida haqiqatda ekilmagan 6,2 mln. dona ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilgani, ko‘chatlar suv bo‘lmagan, yerning unumdorligi o‘rganilmagan joylarda ekilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv tadbirida ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida joriy yil baxorgi mavsumning hisobotlariga ko‘ra, Respublika bo‘yicha jami 129,6 mln. dona ko‘chatlar ekilgani, o‘rganishlar natijasida tadbirning to‘laqonli ijrosiga ayrim hududlarda hokimliklar, mutasaddi tashkilot va idora rahbarlari tomonidan yetarli e’tibor qaratilmaganligi aniqlani haqida ham aytib o‘tilgan.

Jumladan:
– daraxt ekish ishlarini tizimli tashkil etmasdan, sug‘orish va parvarishlash uchun tegishli mas’ullar biriktirilmagan;
– haqiqatda ekilmagan 6,2 mln. dona ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilgan;
– 3,4 mln. dona daraxt ko‘chatlari sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgan;

  • 2,4 mln. dona ko‘chatlar suvsizlik va yetarli parvarish bo‘lmaganligi sababli bahor tugamasdan qurib nobud bo‘lgan;
    – yerning tabiiy iqlim xususiyatlarini inobatga olmagan holda 341 ming dona ko‘chatlar yaroqsiz yerlarga ekilgan bo‘lib, 65 ming donasida ko‘chatlar orasida belgilangan masofa saqlanmagan.

Vaholanki, davlatimiz rahbari tomonidan ko‘chatlarni hududlarning iqlim xususiyatlaridan kelib chiqib, to‘g‘ri yondashgan holda ekish va bu borada namunaviy mahallalarni barpo etish masalasi qat’iy belgilangan edi.

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, ko‘chat ekish kampaniyasi OAVlarda keng yoritishga kirishib ketildi, hokimlaru vazirlar hammasi qo‘liga ko‘chat ushlab dalaga otlanib, ko‘chatni ohista tutgancha suratlarga tushishdi. Bu orada qaysidir bir “tadbirkor”ning ketmoni uchdi. Uning bog‘idan keltirilgan daraxatlar ikki uch baravariga qimmatga sotib olinib ekildi, byudjet mablag‘lari “tuya” qilib yuborildi. To‘g‘ri, avvalo hammasi risoladagidek qog‘ozda chiroyli raqamlar bilan boyitildi, vaholangki buni Hisob palatasining tekshiruvlari ham aytib turibdi.

O‘tgan yili noyabrda Prezident boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishdayoq dolzarb 40 kunlik tadbirlari o‘tkazilishi, ochiq joy borki “yashil daraxtga to‘lishi” aytib o‘tilgan edi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgani haqida gap borgandi o‘shanda.

«Shuncha yillarda “qog‘ozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O‘zbekistonda bo‘sh joy qolmasligi kerak edi. Tizim, qarov bo‘lmagani uchun ekilganining ham ko‘pi qurib ketdi. Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga ko‘tarayapmiz. Shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik bilan, puli, egasi, sug‘orish tizimi bilan amalga oshirish kerak», – deya ta’kidlagan edi Shavkat Mirziyoyev.
Ko‘rib turibsizki, mana “yuqori”dan tanqid eshitaverib “pishib” ketgan rahbarlar “mulla bilganini o‘qiydi” qabilida ish tutgan. To‘g‘rida, axir ular biladiku hayfsan olsa katta mansabga ko‘tariladi, xato qilsa bitta uzr bilan qutiladi, qo‘yadi. O‘ylaymizki bunga isbot-dalillar keltirib o‘tirish shart emas.
Shuningdek, yig‘ilishda 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilingan edi o‘shanda.
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga hokimlar bilan birga, har bir hududning iqlim sharoitiga mos ko‘chatlarni ko‘paytirish va yetkazib berish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun, qo‘mita huzurida “Yashil hudud” unitar korxonasi va har bir viloyatda uning filiallari tashkil etiladigan bo‘lgan. Xo‘sh, bugunga kelib ushbu unitar korxonalar nima qilyapti? Ular byudjetdan “uxlatilgan” pullarni hisoblash bilan ovvorami?
O‘rganish natijalariga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tegishli vazirliklarga aniqlangan kamchiliklarni tanqidiy muhokama qilib, qayd etilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, shu jumladan, ko‘chatlarni parvarishlashga jiddiy e’tibor qaratish va mas’ullarga keskin intizomiy choralar ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi, deya o‘zining xabariga yakun yasagan Hisob palatasi.