Jizzaxda ventilyator sabab uy yonib ketdi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida 25 iyun kuni xonadonlardan birida yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, 25 iyun kuni soat 9:10 larda Jizzax viloyati FVB tezkor boshqaruv markaziga Sharof Rashidov tumani «Xayrobod» MFY Boburtepa ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan. Shunga ko‘ra, voqea joyiga 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari chiqarilgan.

Qutqaruvchilar voqea joyiga soat 9:22 da yetib borgan. Holat soat 9:49 da batamom bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida yashash xonadonining 20 kvadrat metrlik shift qismi yonib zararlangan. Jabrlanganlar yo‘q.
Holatga qarovsiz qoldirilgan ventilyator sabab bo‘lgan. Hozirda ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.