Bo‘sh turgan binolarga nisbatan yuqori soliq stavkasini belgilash bekor qilindi

“Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–162-son, 28.06.2022 y.) qabul qilindi

Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 iyuldan bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, tugallanmagan qurilish ob’yektlariga va ushbu ob’yektlar bilan band yerlarga mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini to‘xtatish tartibi bekor qilindi.

2023 yil 1 martgacha:

hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida tovarlar (xizmatlar)ga muvofiq bo‘lmagan identifikasiya kodlarini aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima solinmaydi;

xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda o‘z ustav fondiga oid operasiyalarni “Ye-aktiv” tizimida aks ettirish ixtiyoriy hisoblanadi.

2022 yil 1 iyuldan:

majburiy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi deb e’tirof etiladigan tadbirkorlarga QQS bo‘yicha guvohnoma avtomatik ravishda beriladi;

soliq xavfi yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilarning QQS bo‘yicha guvohnomasining amal qilishi bu haqida soliq organlari tomonidan 5 ish kuni oldin xabarnoma yuborilgandan so‘ng hamda mazkur muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda to‘xtatib turiladi.