SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga tibbiyot fanlari doktori, professor Botir Tojiyev javob berdi:
— Esingizda bo‘lsa, COVID-19 infeksiyasi avj olgan va odamlar orasida tarqala boshlagan ilk yillarda soha oldida “ushbu xavfli kasallikni qanday davolash mumkin?» degan muhim masala turgan edi. O‘sha paytda har bir mamlakat, xususan, yurtimizda ham mazkur virusning oldini olish bo‘yicha maxsus protokollar ishlab chiqildi.
Biroq ayrim bemorlarning uy sharoitida belgilangan dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanishi, ayniqsa, antibiotik, gormon preparatlari va tomchi ukollarni palapartish qo‘llash ularda turli asoratlarga olib keldi. Bu holat esa mana 2022 yilga kelib, asta-sekin namoyon bo‘lyapti.
Xususan, bugun aholi orasida uchrayotgan bir qancha yuqumli kasalliklar, travatologik, endokrinologik, yurak-qon tomir va ko‘z xastaliklariga aynan o‘sha paytda mazkur dori vositalarini to‘g‘ri qo‘llamaslik sabab bo‘lgani soha mutaxassislari tomonidan ta’kidlanmoqda.
Xo‘sh, shunday ekan koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda ushbu dori vositalarinidan qachon va qanday hollarda foydalanish mumkin?
Misol uchun, tomchi ukollar COVID-19 ga chalingan bemorlarning o‘rta og‘ir va og‘ir darajasida, reanimasiya bo‘limiga yotqizilganda va intoksikasiya yoki zaharlanish kuchli bo‘lgandagina tavsiya etiladi.
Qolaversa, bu yil koronavirus infeksiyasi bolalarda loringospazm yoki xalq tili bilan aytganda bo‘g‘ilish holatlari bilan yuzaga kelmoqda. Demak, bu vaziyatda bemorga kasallikni davolash uchun emas, balki loringospazmning oldini olish uchungina gormon preparati belgilangan sxema bo‘yicha beriladi.
Shunda ham faqat bemor reanimasiya bo‘limiga yotqizilganda hamda hamroh xastaliklari borligi va kasallikning og‘irlik darajasiga qarab, hayotiy zarurat tug‘ilsagina buyuriladi.
Shuningdek, antibiotiklarni qo‘llashning ham o‘ziga yarasha tartibi bor. Ya’ni, bu dori vositasi kasallikka chalingan kattalar va bolalarda pnevmoniya belgilari namoyon bo‘lganda va balg‘am surtkiga olinib, ularning antibiotiklarga chidamligi aniqlanganda stasionar sharoitdagina tavsiya etiladi.
Boshqa hollarda esa ushbu dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish jiddiy asoratlarga olib kelishini unutmaslik lozim.