O‘zbekiston prezidenti samolyoti yana Nukusga uchib ketdi


Shavkat Mirziyoyev 3 iyul, yakshanba kuni yana Nukusga uchib ketdi. Buni Flightradar24 xizmati tasdiqlaydi.

Davlat rahbari 2 iyul kuni ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan Qoraqalpog‘iston poytaxtida bo‘lib, kechasi qaytib kelgandi. Prezident deputatlar, jamoatchilik faollari bilan uchrashib, Konstitusiyaning Qoraqalpog‘istonga tegishli qismlari o‘zgarishsiz qolishini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi Konstitusion islohotlardan norozi bo‘lgan fuqarolarning noqonuniy namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Jo‘qorg‘i Kengesning ma’lum qilishicha, axborot xurujlari va ro‘y berayotgan voqealarni qasddan buzib ko‘rsatish orqali ta’sir qilishga urinishlar qayd etilgan.

2 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Nukus shahriga kelib, deputatlar, Qoraqalpog‘iston faxriylari va faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbari Konstitusiyaning Qoraqalpog‘istonga tegishli moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini aytdi. «Konstitusiyaviy qonun loyihasi referendumdan keyingina qonuniy tusga kirishini bildirib, fuqarolarning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha o‘zgarishini va takomiliga yetkazilishini qayd etgan.

Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022 yil 3 iyul kuni soat 00:01 dan 2022 yil 2 avgust kuni soat 00:00 ga qadar bo‘lgan davrda favqulodda holat joriy etildi.