Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Davlat rahbari vatandoshlarimiz va Jo‘qorg‘i Kenges deputatlariga murojaat qildi.
«Bugun men Vatanimizning taqdiri va kelajagiga, qutlug‘ zaminimizdagi tinchlik va barqarorlikka befarq bo‘lmagan barcha insonlarga murojaat qilmoqchiman.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir etilgan tashvishli voqealarni har birimiz, barcha O‘zbekiston fuqarolari yuragimizda chuqur dard va iztirob bilan qabul qilmoqdamiz.
Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda.
Konstitusiyaviy islohotlar mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, «inson qadri uchun» degan ezgu g‘oyani amalda qaror toptirishga qaratilgandir.
Fuqarolarning o‘z fikri va xohish-irodasini demokratik prinsiplar va huquqiy normalar asosida erkin bildirish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlarga qaramasdan, ayrim g‘arazli kuchlar konstitusiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlab, O‘zbekistondagi vaziyatni beqaror etish va izdan chiqarishga urinmoqda.
Soxta axborotlarni tarqatishning sinalgan texnologiyalaridan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalangan holda, buzg‘unchi kuchlar aniq maqsadni ko‘zlab, fuqarolarni Konstitusiyaga xilof faoliyatga jalb etmoqda.
Ularning asosiy maqsadi jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo‘lgan ishonchni susaytirish, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iborat», — dedi Prezident.