Pokiston mahalliy OAV sining xabar qilishicha, dushanba kuni Pokistonning Shimoliy Vaziriston viloyatida qasddan portlatish hodisasi sodir etilgan. Hodisa oqibatida 10 nafar xavfsizlik xodimi jiddiy jarohat olgani aytib o‘tiladi.
Xavfsizlik xizmati xodimlariga tegishli transportlarga bo‘lgan hujum Mirali shahridagi Xadi bozoriga yaqin joyda amalga oshirilgan. Shimoliy Vaziriston Komissari o‘rinbosari Shahid Ali Xonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qasddan uyushtirilgan portlash oqibatida umumiy 10 kishi jarohat olib, ularning uchtasi o‘ta jiddiy yaralangan.
Rasmiylarning xabar berishicha, xavfsizlik xodimlaridan iborat avtoulov Mirali shahridan Miramshoh viloyatiga borayotgan vaqtda ularning yoniga tushgan motosikldagi terrorchi mashinalardan biri yonida o‘zini portlatgan. Ayni paytda jiddiy jarohat olganlarning uch nafari o‘sha zahotiyoq Bannu garrison kasalxonasiga muolaja uchun yuborilgan.
Portlashdan so‘ng, xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan voqea joyi o‘rab olinib, qidiruv operasiyasi boshlab yuborilgan. O‘sha yerlik aholining aytishicha, ayni paytda Miralidan Miramshohga boradigan transport yo‘li yopib qo‘yilgan. Qidiruv ishlari ketmoqda, biroq shu vaqtgacha hech qanday guruhning bu hujumga aloqasi bor-yo‘qligi aniqlanmadi, deydi rasmiylar.
Bu ushbu oyda sodir etilgan ikkinchi suiqasd hujumi deyilmoqda. Bundan avval 30 mayda Shimoliy Vaziristonning Razmak hududiga tegishli yerda ro‘y bergan yana bir portlash oqibatida ikki nafar xavfsizlik xodimi bilan birga bir qancha bolalar ham jarohat olgan.
Avvalgi portlash hukumatni Pokistonning taqiqlangan Tahrik-ye Tolibon harakati bilan olib borayotgan muzokaralari natijasida sodir bo‘lgan. Ayni paytda Pokistondagi siyosiy beqarorlik hamda chegaralardagi keskinlik sabab Shimoliy Vaziristonda bu kabi hodisalar avj olmoqda, deyiladi xabarlarda.
Mashhura KARIM tayyorladi