Qoraning qoni chiqquncha sariqning joni chiqsin yoxud Rossiya-Qozog‘iston o‘rtasidan o‘tgan “olamushuk” oqibati

Xabar qilinishicha, chorshanba 6 iyul sanasida Rossiya sudi Qozog‘istonning neft eksporti uchun “darvoza” vazifasini o‘tab kelgan Novorossiysk terminalini “vaqtincha yopish” bo‘yicha buyruq chiqardi. Bunga Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayevning Yevropa Ittifoqiga ko‘proq neft jo‘natishga tayyorligini bildirishi sabab bo‘ldi, дейилади.

OAVlarining bergan xabarlariga ko‘ra, Rossiya sudi vaqtinchalik Kaspiy quvurlari konsorsiumining (CPC) Novorossiyskdagi neft terminalini “yekologik muammolar” sabab vaqtincha yopib qo‘ydi. Bu muddat 30 kun davom etadi, deyiladi CPC bayonotida. Novorossiysk terminalining yopilishi birinchi marta emas. Avval ham, iyun oylarida port suvlarida ikkinchi jahon urushiga tegishli deb ko‘rsatilgan 50 ta portlovchi modda topilishi oqibatida port yopilgan edi. Mart oyida esa kuchli bo‘ron olib kelgan zararlarni to‘xtatish uchun terminalni yopib qo‘yishgan. O‘sha vaqtdagi uch haftalik cheklovda jahon bozori qariyb 1 million bochka hajmidagi neftdan ayrilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston Rossiya orqali har yili Yevropani 67 million tonna neft bilan ta’minlab keladi. Rossiya sudining bunday qarorga kelishiga To‘qayevning Yevropa Konsulligi Prezidenti Maykl Charlz bilan telefonda olib borgan muloqoti sabab bo‘ldi, deyiladi. Toqayevning idorasi bergan press-relizga binoan, u “chuqurlashib borayotgan geoiqtisodiy yemirilishlar” haqida gapirib, Qozog‘iston Sharq va Gʻarb, Janub va Shimol o‘rtasida “bufer bozor” sifatida jahonga o‘z hissasini qo‘shishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Qosim-Jomart To‘qayev, shuningdek, jahon energiya xavfsizligi oldida turgan xavotirlar haqida ham fikr bildirar ekan, “jahon va Yevropa bozorlaridagi holatni barqarorlashtirish uchun Qozog‘iston o‘zining gidrokarbon potensialidan foydalanishga tayyorligiga” ham urg‘u berib o‘tdi. Darhaqiqat, Qozog‘iston neft va gazga boy mamlakat. Shunga qaramay gaz ularning o‘z iste’moli uchun ham zarur. Ustiga-ustak, Yevropa Ittifoqiga qozoq gazini eksport qilish uchun gaz quvurlari ham yo‘q. Neftga keladigan bo‘lsak, Yevropa Ittifoqi yo‘llagan sanksiyalar oqibatida Rossiyaning sustlashuvini biroz bo‘lsa-da yumshatish uchun ayni paytda neft Qozog‘istonda mavjud imkoniyatlardan deb qaralmoqda.

“So‘nggi paytlarda sodir bo‘lgan muhim geosiyosiy o‘zgarishlar tufayli hamda bu o‘zgarishlarning Rossiya portlari orqali Qozog‘iston neft eksportiga bo‘lgan salbiy ta’sirini oldini olish maqsadida 2022 yil iyun oyidan boshlab qozoq neft navining quyidagi nomi qo‘llaniladi – KEBCO (Kazakhstan Export Blend Crude Oil)”, – deydi Qozog‘iston neft ishlab chiqaruvchisi. Bu haqida “Reuters” agentligi o‘z neftini Rossiya portlari orqali o‘tkazuvchi CNPC-Aktobemunaigaz kompaniyasiga tayanib xabar bergan.

Eslatib o‘tish joiz, garchi Qozog‘iston Rossiya yetakchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining a’zosi bo‘lsa-da, yaqinda Toqayev uning mamlakati Donesk va Lugansk “respublikalari”ning mustaqilligini tan olmasligini bildirib o‘tgan.

Mashhura KARIM tayyorladi