Qurbonlikka so‘yiladigan hayvonlar

– Qurbonlikka qanday hayvonlarni so‘ysa bo‘ladi?

– Qo‘y, echki, sigir, tuya kabi tuyog‘i yoriq hayvonlarni qurbonlikka so‘yish durust.

– Tovuq, g‘oz va otga o‘xshash hayvonlardan qurbonlik qilsa bo‘lmaydimi?

– Durust bo‘lmaydi.

– Qo‘y, echki necha kishi uchun qurbonlikka kifoya qiladi?

– Har biri bir kishi uchun kifoya qiladi.

– Sigir, tuya necha kishi uchun qurbonlikka kifoya qiladi?

– Bir kishidan to yetti kishigacha.

– Yetti kishi jam bo‘lib bir sigirni qurbonlik qilsalar, go‘shtini qay tarzda bo‘lib oladilar?

– Tarozi bilan o‘lchab oladilar.

– Qurbonlikning terisi nima qilinadi?

– Faqirlarga beriladi yoki sotib puli sadaqa qilinadi.

– Terini masjid imomiga bersa bo‘ladimi?

– Agar faqir bo‘lsa, bersa bo‘ladi.

– Qurbonlik qilgan kishi qurbonligining go‘shtini nima qiladi?

– Faqirlarga ulashadi va ziyofat qiladi hamda o‘zining oila a’zolariga ulashadi.

– Qurbonlikni kim bo‘g‘izlaydi?

– Qurbonlik qilgan kishi bo‘g‘izlashni yaxshi bilsa, o‘zi bo‘g‘izlaydi, bilmasa, boshqa bir kishiga so‘ydiradi, o‘zi ustida duo qilib turadi.

– Qurbonlik qilinadigan qo‘y yoki echki necha yoshli bo‘lishi kerak?

– Bir yashar bo‘lishi kerak.

– Olti oylik qo‘yni qurbonlik qilsa, bo‘ladimi?

– Agar o‘sha qo‘y semiz va jussasi bir yashar qo‘yning jussasidek katta bo‘lsa, durust bo‘ladi.

– Qurbonlik bo‘ladigan sigir va yo ho‘kiz necha yashar bo‘lmog‘i kerak?

– Ikki yashar.

– Tuya necha yashar bo‘lmog‘i lozim?

– Besh yashar.

– Devona, qo‘tir, qirchang‘i, shoxsiz, axta qilingan hayvonlar qurbonlikka yaraydimi?

– Ha, yaraydi.

– Qanday hayvonlar qurbonlikka yaramaydi?

– Nihoyatda oriq, yurolmaydigan, oqsoq, qulog‘ining yo dumining uchdan biridan ortiqrog‘i kesik bo‘lgan hayvonlar, bir yo ikki ko‘zi ko‘r, og‘zida hech bir tishi qolmagan hayvonlar qurbonlikka yaramaydi.

– Qurbonlik uchun qaysi hayvonlar afzalroq?

– Oq yoki ko‘k rangli katta shoxli, a’zosi salomat, semiz qo‘chqor afzaldir.

«Ibodati islomiya» kitobidan olindi.

(O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 25.01.2021 yildagi №03-07/489-sonli raqamli xulosasi berilgan).