Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida 4 iyul kuni 36 yoshli erkakning jasadi va yonib ketgan «Spark» mashinasi topildi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan fuqaroning jasadi 4 iyul kuni Mirzacho‘l tumani hududidan oqib o‘tuvchi kanaldan topilgan. Viloyat prokuraturasi va Ichki ishlar boshqarmasi birgalikda holat yuzasidan tezkor qidiruv ishlarini olib borib, 17 va 18 yoshli ikki yigitni gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olgan.
Surishtiruv tadbirlarida 1986 yilda tug‘ilgan shaxs «Spark» mashinasida bir nafar yo‘lovchi bilan Toshkent–Zangiota yo‘nalishi bo‘yicha harakatlangani aniqlangan. Shundan so‘ng Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani hududidan oqib o‘tuvchi PR-8 kanalidan taxminan 35 yoshli erkakning jasadi topilgan.
Tuman ichki ishlar bo‘limi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarlik profilaktikasi tayanch punkti inspektorining bu haqdagi xabari asosida organ xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Jasad Mirobod tumanida yashagan fuqaroga tegishli ekani aniqlangan.
Tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni Paxtakor tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi 2004 yilda tug‘ilgan va Arnasoy tumani Cho‘lquvar mahallasida yashovchi 2005 yilda tug‘ilgan yigitlar sodir etgani aniqlangan. Ulardan daliliy ashyo sifatida erkaklar bosh va oyoq kiyimlari, marhumga tegishli universal pichoq rasmiylashtirib olingan.
Surishtiruvlar davomida Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi avtomobillar yuvish shoxobchasida birga ishlagan yigitlar uyiga ketish maqsadadida Toshkent–Jizzax yo‘nalishli taksilari qatnaydagin bekatga kelgani aniqlangan. Shu paytda ular «Spark»ni to‘xtatib, Jizzax shahriga olib borish uchun 200 ming so‘m taklif qilgan.
Yo‘lovchilar Sirdaryo viloyatidan o‘tayotganda SMS-xabarnoma orqali yozishib, haydovchini o‘ldirishga kelishib oladi. Mashina to‘xtagan vaqtda ulardan biri haydovchini bo‘g‘gan, sherigi esa uning qo‘lidan ushlab turgan. Erkakning joni chiqqanidan so‘ng uni orqa o‘rindiqqa yotqizib, mashinani Mirzacho‘l tumani hududiga boshqarib kelishgan va kanalga jasadni tashlab yuborishgan.
Shundan so‘ng gumonlanuvchilar tuman dehqon bozoriga kirib, mashina raqamini almashtirish uchun Paxtakor tumani tomon harakatlangan. Biroq ular bu ishni qilolmasligini bilib, mashinani yoqib yuborishgan. Davlat raqami belgilarini esa ko‘mib qo‘yishgan. Mazkur qotillik yuzasidan prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan.