Xalq – Konstitusiyaning birdan-bir manbai va muallifi – Mirziyoyev

Ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi ikki-uch kun davomida eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzu Qoraqalpog’istondagi voqealar bo‘ldi. Xo‘sh, aslida voqea qanday boshlandi va bu vaziyatdan kimlar foydalanmoqchi bo‘ldi?


Xabaringiz bor, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi e’lon qilindi va umumxalq muhokamasidan o‘tmoqda. Yana ta’kidlaymiz, muhokamaga qo‘yilgan.

Muhokama esa o‘z nomi bilan baxs-munozara orqali kelishish degani. Lekin buni qaror, hukm deb tushunmaslik va xalqqa boshqacha mazmunda propaganda qilish to‘g’ri emas. Prezidentimiz: “Konstitutsiya faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi va takomiliga yetkaziladi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi va fuqarolarimiz erkin ovoz berish yo‘li bilan o‘z xohish-irodasini ifoda etadilar. Faqat shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy kuchga ega bo‘ladi. Bunday yondashuv “Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi”, degan prinsipga to‘la mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam” deb g’urur bilan ayta oladi”, deb bejizga fikr bildirmadi. Xalq muhokamasidan o‘tgan va qabul qilingan takliflargina o‘zgartiriladi.


Hozirgi kunda jamiyatda axborotni to‘g‘ri qabul qilish juda qiyin masala, ko‘plab insonlar ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarni fact checking (tekshirmasdan) qilmasdan birinchi ko‘rganiga ishonadi. Achinarlisi esa, ular hali o‘zlari tekshirmagan ishonchsiz ma’lumotlarni uzatuvchisiga aylanib ulguradi. Axborot oluvchilar birinchi ko‘zi tushgan manbaagagina ishonishi va xatoga yo‘l qo‘yishi turli yomon oqibatlarga olib keladi. Qoraqalpog’istondagi voqealarda ham doimgi ssenariy takrorlandi. Axborotlar yolg’on tarqatildi, yomon niyatli guruhlar esa vaziyatdan foydalanib xalqni gijgijlashdi. Oqibatda esa ikki qardosh, og’a-ini xalq orasida biroz tushunmovchilik yuzaga keldi.
Aslida o‘zbek va qoraqalpoq xalqi necha asrlar, ming yilliklardan beri bir vatanda, ikki tilda ammo bir dinda, bir hududda tinch-totuv yashab kelishmoqda. Ular orasida hech qanday muammo, bir-birini tushunmaslik kabi holatlar kuzatilmagan edi.

Qoraqalpoqlar mehmonga kelsa uyimizning va qalbimizning to‘rini ko‘rsatamiz, ular ham bizni o‘zlarining eng aziz kishilaridek kutib olishadi. Ikki xalq orasida yaqin qarindoshlik, quda-andalik munosabatlari ham davom etib kelmoqda. To‘ylarimiz, bayramlarimizda birdek xursand bo‘lamiz, qoraqalpoq birodarimizni ko‘rsak o‘z qondoshimizni ko‘rgandek issiq yuzi va ko‘zini his qilamiz.


Bugungi kunda universitetimizda 2800 ga yaqin qoraqalpoq talabalari ta’lim oladi. Talabalar turar joyiga joylashish masalasida ham albatta qoraqalpoq talabalari imtiyozli ravishda birinchi bo‘lib joylashtiriladi. O‘zbek va qoraqalpoq talabalarimiz ta’lim jarayonida ham, talabalarning ijtimoiy hayotida ham do‘st, aka-uka bo‘lib tahsil olishmoqda.

Davlatimiz qonunlariga ko‘ra mamlakatimizning barcha fuqarolari dini, irqi, millatidan qat’iy nazar qonun oldida tengdirlar. Biz ularni o‘zbek talabalaridan kam ko‘rmaganmiz va ko‘rmaymiz ham.
Davlatimiz rahbari ham vaziyatning ilk kunlaridanoq shaxsan o‘zi Nukusga tashrif buyurdi va vaziyatni o‘rgandi. Xalq fikri, talabi birinchi o‘rindaligini, hammasi inson qadri uchun ekanligini ta’kidladilar.


Hech kimga sir emas oxirgi yillarda Qoraqalpog’istonga berilgan e’tibor avvalgi yillardan anchayin ortgan. Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Masalan:

  • Oxirgi besh yilda hududning mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish bo‘yicha muhim dasturlar izchil amalga oshirilmoqda;
  • Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “temir daftar”ga kiritilgan 65 mingga yaqin oilaga, 16 yoshgacha bolalikdan nogiron a’zosi bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan 17 ming oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi;
  • 2020-yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshdi, so‘nggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta o‘sdi;
  • Bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017-yildagi 32 foizdan 75 foizga yetdi;
  • “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari holatini yaxshilash bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda;
  • Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Ushbu hududuning o‘simlik va hayvonot dunyosini tiklash bo‘yicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Va bunday e’tibor bundan keyin ham davom ettiriladi.
    Chindan ham, barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulug‘ bir maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir.
    Barchamiz bugun birlasha olsak va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlay olsak, Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni albatta barpo etamiz!

Shohsanam MUHAMMADJONOVA
O‘zJOKU magistranti