Afg‘onistonda vabo kasalligi tarqaldi, O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Ayni kunlarda turli ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonning ikki viloyatida bir kunda 40 ga yaqin odam vabodan vafot etganligi haqida xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan hech qanday rasmiy xabar berilmagan.

SSV holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

«O‘zbekiston Respublikasida Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan keng doirada olib borilayotgan tadbirlar aholini sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Respublika bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi samarali tadbirlar natijasida o‘lat, sariq isitma, virusli gemorragik isitmalar, parranda grippi kabi karantin va o‘ta havfli yuqumli kasalliklar, jumladan vabo kasalligining respublika hududiga chetdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Respublikasida vabo kasalligini tarqalishini va kelib chiqishini oldini olish yuzasidan quyidagi choralar ko‘rilmoqda:

Kasalliklarning chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida, respublika bo‘yicha bugungi kunda davlat chegaralarini kesishish joylarida 54 ta sanitariya – karantin punktlari (keyingi o‘rinlarda – SKP deb yuritiladi) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, shulardan 36 tasi avtomagistral yo‘llarida, 11 tasi Halqaro aeroportlarida, 6 tasi temir yo‘l va 1 tasi daryo portida tashkil etilgan

O‘zbekiston Respublikasi hududiga chegaradan kirib kelayotgan yo‘lovchilarni tibbiy – sanitariya ko‘rigini yaxshilash maqsadida barcha Xalqaro aeroportlar va avtomagistral yo‘llarda joylashgan yo‘lovchi o‘tish oqimi yuqori bo‘lgan SKPlar zamonaviy teplovizorlar va kontaktsiz termometr (pirometr)lar bilan yetarlicha ta’minlangan.

Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida, oral-regidratasiya punktlarida o‘tkir diareyaga chalingan bemorlarni Sog‘liqni Saqlash Vazirining amaldagi buyruqlari talablari asosida vabo kasalligi mavjud yoki yo‘qligini tekshirish tashkil etilgan.

Kasallikning mavsumida barcha bemorlar yuzasidan chuqur epidemiologik surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda;

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining maxsus laboratoriyalari vabo kasalligini tashxisoti bo‘yicha kerakli jihozlar, reaktivlar va ozuqa muhitlari bilan yetarli miqdorda ta’minlangan;

Laboratoriya mutaxassislari qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan;

Kasallik mavsumida har hafta ochiq suv havzalaridan namunalar olib, vabo chaqiruvchilariga tekshirilishi amalga oshirib kelinmoqda (NAG va AG vibrionlarga);

Kasallikka chalingan (gumon qilingan) bemorlarni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizish maqsadida shifo-o‘rinlari zaxirasi tashkil etilgan;

Vabo kasalligiga chalingan bemorlarni davolash ishlarini tashkil etish uchun zarur dori vositalari zaxirasi yaratilgan;

Davlat chegara-bojxona postlaridagi sanitariya-karantin punktlari tomonidan kasallanish tarqalgan qo‘shni davlatlardan tashrif buyuradigan fuqarolarning tibbiy nazorati kuchaytirildi;

Karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha aholi o‘rtasida sanitariya – targ‘ibot ishlari kuchaytirildi» — deydi SSV o‘zining rasmiy bayonotida.

Dilbar Rajabova tayyorladi