Eng mehnatkash hasharot qaysi? Chumoli. Eng foydalisichi unda? Asalari, albatta. Hasharotlar ichida asalarilar nafaqat hosil va bioxilmaxillik uchun foyda olib keladi, balki eng aqlli va noyob mavjudotlardan ekanligi bilan olimlar tomonidan e’tirof etilmoqda.
Ayni damda qo‘limizda asalarilarda ong bilimlarining ba’zi bir shakllari mavjudligiga ma’lum bir dalillar bor, — deydi Londondagi Qirolicha Meri Universitetining his va xulq-atvor ekologiyasi bo‘yicha professori Lars Chittka. Professor Chittka qariyb 30 yildan buyon asalarilar ustida ish olib boradi va arilardagi sezgirlik va ongni o‘rganishda dunyoning eng yetakchi ekspertlaridan biri hisoblanadi.
O‘zining yaqinda chop etgan so‘nggi «Asalarilar fikri» kitobida professor arilarni asrash, himoya qilish kerakligi ustida bahs olib borgan. Sababi sifatida ularga shunchaki qishloq xo‘jaligi uchun foydali bo‘lgan hasharot deb emas, balki ongli mavjudotlardan deb qarashni va hatto insonlarning sog‘-omonlikda yashashi uchun ham arilarni himoyalash zarurligini keltirib o‘tgan.
- Biz olib borgan tadqiqot hamda boshqa laboratorayalarda qilingan amaliy ishlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, asalarilar o‘ta yuqori intellektga ega hasharotlardan sanaladi. Ya’ni ular hisob-kitob qilishi, insonlar qiyofasini taniy olishi, oddiy asboblardan foydalanishni va abstrakt tushunchalarni o‘rganish qobiliyatiga ega, deydi professor L. Chittka.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, ularda ham his-tuyg‘ular mavjud. Ular ham ma’lum narsalarni rejalashtira olishadi. Shuningdek, arilar ko‘rgan yoki his qilgan narsalarini tasavvur qilishga usta. Misol uchun, qorong‘ulikda avvalroq ko‘rgan shakl yoki holatni keyinroq ham tanib olishi mumkin. Ustiga-ustak, «bir xil» yoki «turlicha» bo‘lgan abstrakt tushunchalarni tushunish qobiliyatiga ega.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra ba’zi yakka asalarilar boshqalariga qaraganda ancha dadil, hatto aqlliroq ham bo‘ladi.
Mashhura KARIM tayyorladi