Plastik chiqindilar: Yaqin kelajakda yerdagi hayot jiddiy xavf ostida

Dunyo miqyosida hech qanday chora ko‘rilmasa 2040 yilga borib insoniyat tomonidan daryo va dengizlarga, umuman suv va tuproqqa uloqtirayotgan plastik chiqindilar 1 milliard 300 million tonnaga yetadi.

Buyuk Britaniyaning Lids universiteti mutaxassislaridan biri, doktor Kostas Velis shu haqida ma’lum qilar ekan, bu raqamlar ko‘rsatkichi nihoyatda yuqori ekanligini ta’kidladi. Ayni paytda professor yildan-yilga o‘sib borayotgan bu raqamlarni to‘xtata oladigan texnologiya hamda kuch insoniyatda hamon mavjudligini qayd etib, bunga astoydil ishonmoqda. U qariyb so‘nggi yigirma yildan buyon plastik chiqindilar muammosi bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan noyob ilm sohiblaridan hisoblanadi.

«Bunchalik ko‘p miqdordagi chiqindini tasavvur qilish qiyin, lekin uni ko‘z oldingizga keltirishingiz uchun shunday misol keltiraylik: agar ushbu plastiklar tuz yoki maydon holiga keltirilsa, Birlashgan qirollikning bir yarim baravar maydonini qoplaydi. Bu aslida biroz chalkash hisob, chunki plastik hamma narsada, dunyoning barcha joylarida turli maqsadlarda ishlatiladi. Chiqindilar borasida ham har xil natijalar kuzatiladi».

Bu murakkab masalani raqamlarda aniqlashtirish uchun mutaxasislar dunyo miqyosida plastik ishlab chiqarish, foydalanish hamda chiqindi sifatida tashlab yuborishni tekshirib ko‘rishdi. So‘ngra ushbu mutaxassislar plastik chiqindilarning, kelgusi yillarda qanchalik ortishini ko‘rsatadigan bir modelni ishlab chiqishdi.

Olib borilgan ushbu tahlillar natijasiga ko‘ra, yana 18-20 yildan keyin plastik chiqindilar miqdorining 1 mlrd. 300 mln. tonnaga yetishini taxmin qilishmoqda.

Kichik natijalar ham nihoyatda muhim

Natijalardan ma’lum bo‘lishicha, arzimagan o‘zgarishlar ham xulosalarni o‘zgartirishi mumkin va chiqindilarni kamaytirishga bo‘lgan istak ham o‘ta ahamiyatga ega ekanligiga ishora qilinmoqda edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, qayta ishlab chiqarish ko‘rsatkichini orttirib, plastiklar boshqa moddalar bilan almashtiriladigan bo‘lsa, chiqindilarning miqdorida keskin pasayish yuzaga keladi.

Tadqiqotlarni moliyalashtiruvchi AQSHlik Vinniye Lau, bu masalani yechishning turlicha yo‘llarini hisob-kitob qilish muhim ekanini bildirdi.

«Agar shunday qilsak, 2040 yilda okeanga to‘kilgan plastik miqdorini 100 da 80 foizga kamaytirishimiz mumkin», – deya qo‘shimcha qildi.

Tadqiqotlar so‘ngida mutaxasislar quyidagi tavsiyalarni berishdi:
– Plastik ishlab chiqarish hamda undan foydalanishni kamaytirish;
– Plastik o‘rniga qog‘oz yoki cho‘ziluvchan tabiiy moddalardan foydalanish;
– Mahsulot va paketlarni qayta ishlab chiqarsa bo‘ladigan shaklda tayyorlash;
– Plastiklarni to‘plashda o‘rta va past darajali ko‘rsatgichga ega bo‘lgan davlatlardagi bu ko‘rsatgichni oshirish, shuningdek, qayta ishlab chiqarishga targ‘ib qilish;
– Plastik chiqindilarning qayta ishlab chiqarilishida iqtisodiy jihatdan imkonsiz bo‘lgan hududlarning 100 da 23 foizi birgalikda yechim topish maqsadida birlashadigan joylar tashkil qilish;
– Plastik chiqindilar eksportini kamaytirish.

Doktor Velisning fikricha, bu muammoning qanchalik oldi olinmasin, kelgusi 20 yil ichida yangi modellashishga ko‘ra, tabiatga eng kamida 710 milion tonna plastik chiqindi tashlanadi.

Shu sabab ham bu muammoni butunlay yechadigan mo‘jizaviy reja yo‘q. Biroq bu tahlillar nazardan chetda qolayotgan bir masalani yuzaga chiqardi: Janubiy yarim sharda taxminan 2 milliard inson kambag‘al hayot kechiradi.

Nomsiz qahramonlar: chiqindi to‘plovchilar

Doktor Velis «Odamlar chiqindilarni qayergadir tashlashga majbur. Yoqish yoki biror yerga tashlashdan boshqa imkonlari yo‘q», – deydi.

Global miqyosda plastik chiqindilarning kamayishiga ulkan hissa qo‘shishlariga qaramay 11 million norasmiy chiqindi to‘plovchi, noiloj ishlashda davom etmoqda.

«Chiqindi to‘plovchilar qayta ishlab chiqarishning nomsiz qahramonlaridir. Agar ular bo‘lmaganda edi suvlarimizdagi chiqindilar miqdori bugungiga qaraganda bir necha barobar ko‘p bo‘lardi», – deydi Doktor Velis. Professorning ta’kidlashicha,

chiqindi to‘plovchilarning qo‘llab-quvvatlanishi va yanada ishonchli ish o‘rinlari bilan ta’minlanishi chiqindilar bilan bog‘liq muammoning ijobiy yechimiga xizmat qiladi.

Manchester universiteti doktori Lan Kane ham yaqin yillarda dengizlardagi mikro-plastik miqdorini hisob-kitob qilgan olimlardan biridir. U yuzaga kelgan manzaraning dahshat ekanligini bildirdi: «Tadqiqotchilar qo‘lga kiritgan natijalar va tahlillar to‘la isbotini topmagan xulosalar bo‘lsa-da plastik ishlab chiqarishning yuqori darajada ortishi atrof-muhit uchun zararli oqibatlar keltirib chiqaradi».

Shuningdek, professor Jamiye Vudvard esa koronovirus tahlikasi bilan yuzaga kelgan keskin vaziyatga jamoatchilik diqqatini qaratadi: «Plastik bu davr mobaynida virus bilan kurashuvchilarni asrash uchun foyda berdi. Lekin ishlatilgan ko‘p miqdordagi himoya moslamalarining chiqindilari kelgusi yillarda qo‘rqinchli suratda ko‘payib ketishi mumkin». Shuningdek, olim bu holat bilan iqlim o‘zgarishi orasida ham parallellik borligini, endilikda insoniyat avvalgidek hayot kechira olmasligini ta’kidladi: «Turmush tarzimizni keskin o‘zgartirishimiz zarur», – deydi u.

Dilbar RAJABOVA tayyorladi